Samarqandda 9,5 mingdan ortiq yosh tadbirkor faoliyat yuritadi
2024 yil mamlakatimizda “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”, deb e’lon qilindi.
Yilning bunday nomlanishida juda katta ma’no mujassam, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Mamlakatimiz aholisining katta qismini tashkil qiluvchi yosh avlod vakillaridan yurtning umidi katta. Ma’nan yetuk, jismonan baquvvat, teran fikrli yoshlar kelajagimiz bunyodkorlaridir.
Bugun O‘zbekistonda yoshlarga bo‘lgan e’tibor, ularga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik, yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlarni har bir yosh o‘z hayoti va faoliyatida his qilib, sezmoqdaki, buning isbotini ular erishayotgan yutuqlarda ham ko‘rish mumkin. Ertangi farovon hayot va obod turmush uchun yoshlarimiz bugun ilm-fan, sport va madaniyat, iqtisodiyot tarmoqlarining qator sohalarida yangi marralarni zabt etishga chog‘langan.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda ham yosh avlodning huquq va manfaatlari alohida mustahkamlab qo‘yilgani ularga qo‘shqanot bo‘ldi, desak haqiqatni aytgan bo‘lamiz. Xususan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda oila, bolalar va yoshlar uchun alohida bob ajratildi. Asosiy qonunimizning 79-moddasida davlat yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlari himoya qilinishini ta’minlaydi, ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini rag‘batlantirishi, davlat yoshlarning intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishi hamda rivojlanishi uchun, ularning ta’lim olishga, sog‘lig‘ini saqlashga, uy-joyga, ishga joylashishga, bandlik va dam olishga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratishi belgilab qo‘yildi.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi ham yoshlar salohiyatini yuksaltirish, ularning har tomonlama rivojlanishi uchun mustahkam huquqiy asos vazifasini o‘tamoqda.
Samarqand viloyati aholisining 2 million 315 ming nafarini tashkil etuvchi 30 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il-qizlarimiz ham bugun yurtimizda bilim olishga, zamonaviy kasb-hunar egallashga, turli yo‘nalishlarda iqtidorini namoyon etishga, tadbirkorlik qilishga yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanishlari uchun barcha sharoitlar mavjud. Jumladan, birgina 2023 yilda har bir mahallada “Yoshlar bandligi dasturi” amalga oshirilib, 54 ming 373 nafar yoshning bandligi ta’minlashda partiya deputatlari bilan hamkorlikda xayrli ishlar amalga oshirildi.
Shuningdek, partiya viloyat Kengashi huzurida tumanlarda mavjud bo‘lgan 256 ta yosh fermerlarning samarali faoliyat yuritib, daromad manbalarini ko‘paytirishlarida zarur bo‘lgan huquqiy, ilmiy maslahat va yordamlar ko‘rsatuvchi “Madad” guruhlari ham tashkil etilgan.
Faxr bilan tilgan olinadigan yana bir jihat – bugungi kunda viloyatda 9500 dan ortiq yosh tadbirkor va 4700 dan ortiq yosh hunarmand yoshlar faoliyat yuritadi.
Quvonarlisi, 114 mingdan ortiq yoshlar turli xil kasblar bilan o‘zini o‘zi band qilgan.
O‘zLiDeP Samarqand viloyat Kengashida 13 mingdan ortiq boshlang‘ich partiya tashkilotlari bo‘lib, shundan 345 tasida yoshlar rahbarlik qiladi. 119 950 partiya a’zolarining 58 321 nafarini yoshlar tashkil etadi.
Biz ham 2024 yilning nomlanishi partiyamizning hayotbaxsh g‘oyasi, ezgu maqsadlari va maslagiga hamohang bo‘lganidan ruhlangan holda kelgusida partiyaning “Yosh tadbirkorlar ligasi”, “Mening g‘oyam”, “Tadbirkorlikka ilk qadam”, “Yosh tadbirkor” singari 20 ta loyihasi doirasida viloyatdagi 10 mingdan ortiq yoshlarni qamrab olishni rejalashtirganmiz. O‘ylaymizki, ushbu xayrli loyihalarning samarasi va natijasi, albatta, yoshlarni yetuk mutaxassis sifatida shakllanib, Vatanimiz ravnaqi va yorug‘ kelajagi yo‘lida xizmat qilishiga zamin yaratadi.
Zotan, yangi O‘zbekiston orzusini real haqiqatga aylantirishda ertangi yorug‘ istiqbolimizning munosib egalari bo‘lgan yoshlarga tayanamiz!
Zafar Karimov O‘zLiDeP Samarqad viloyat kengashi raisi, viloyat Kengashi raisi