Samarqandda ayollarni aldab kun kechiradigan yana bir yigitga hukm o‘qildi

Payariqlik D.M. (ism-familiyalar shartli) 2 nafar ayolni chuv tushirishga ulgurdi. Ular aldanganligini bilib IIBga murojaat qildi.

Jonibek yigirma ikki yoshda. Tengqurlari qatori u bilim olishga, hunar egallashga qiziqmadi. Oson yo‘llar bilan mo‘may pul topishni o‘yladi. Mehnat qilmasdan topilgan pullar panjara ortiga boshladi. Uch marotaba sudlanib, jazoga tortildi. Shunday bo‘lsa-da Jonibek egri yo‘ldan qaytmadi, bu ko‘rguliklardan saboq olmadi. O‘rgangan ko‘ngil o‘rtansa qo‘ymas qabilida ish tutib, yana jinoyatga qo‘l urdi.

Yoz kunlari edi. Jonibek ertalabdan birorta sodda odamni aldab, mulkiga ega chiqishni reja qilib uydan chiqdi. Chelak shahridagi shifoxonaga keldi. Shifoxona hovlisiga kirganda bir qizni ko‘rib, u bilan tanishishga oshiqdi. Qizning ismi “Zebo” ekan. Jonibek shirin gaplarini ayamadi, tanishganiga hech qancha vaqt bo‘lmay, qizga ko‘nglini “yordi”, yaxshi ko‘rib qolganini, rozi bo‘lsa uylanishini aytdi. Shu payt qiz onasi shifoxonada davolanayotganini, birozdan keyin chiqishini aytib, ichkariga kirib ketdi.

Bir o‘zi qolgan Jonibek shifoxona hovlisida turgan “Damas” avtomashinasi haydovchining yoniga keldi:

- Aka, bu xizmat mashinangizdagi temir panjaralar qo‘lbola usulda yasatib qo‘yilganmi? – deb gap boshladi.

- Ha, “Damas”ga maxsus temir panjara bo‘lmagani uchun qo‘lda yasalganidan qo‘yilgan, - dedi haydovchi.

Jonibek haydovchi bilan biroz hamsuhbat bo‘ldi. O‘zini tanishtirib, shaharda ishlashini, “UVD”da xodim ekanini aytdi.

- Qachon shaharga borsangiz, ishxonamga boring. O‘zim sizga korxonada ishlab chiqarilgan panjara berib yuboraman, - dedi. – Shifoxonada qaynonam davolanyapti, bo‘lajak keliningiz ham shu yerda, onasiga qarab yotibdi. Bir xabar olay deb kelgandim, ana keliningiz, - deb shifoxona eshigidan chiqayotgan haligi qizni ko‘rsatdi. - Aka, telefoningizdan bir marta foydalansam bo‘ladimi? Keliningiz bilan rasmga tushib olsam, keyin rasmlarni shu yerda birorta suratxonadan chiqarib, berib ketaman, - dedi.

O‘tkir uning gaplariga ishondi. Jonibekka o‘zining “Samsung A 40” rusumli telefonini berib yubordi. Jonibek yaqinda tanishgan qizning oldiga borib, bir-ikkita rasmga tushdi.

Tushlik vaqti bo‘lib, O‘tkir ovqatlanishga chiqayotgandi. Hamkasblaridan birining telefonidan o‘zining telefoniga qo‘ng‘iroq qilib, Jonibek bilan gaplashdi. Jonibek tushlikka borayotganini, ishga ketadigan bo‘lsa telefonni bo‘lajak turmush o‘rtog‘iga tashlab ketishini tayinladi.

O‘ylagan maqsadiga osongina erishgan Jonibek tezda bu yerdan ketdi. Telefonni o‘chirib qo‘ydi. O‘tkir tushlikdan so‘ng shifoxonadagi qizdan telefonini so‘radi. Notanish qiz Jonibekni yaxshi tanimasligini, hech qanday telefon ham bermaganini aytdi. Shundan so‘ng holat haqida IIBga xabar berdi.

Jonibek telefonni Past Darg‘om tumanidagi Juma bozorida bir notanish kishiga 1 million so‘mga pullab, o‘z ehtiyojlariga sarflab yubordi.

Oradan ancha vaqt o‘tdi. Yana “hunar”ini sog‘inib qolgan Jonibek biror kimni chuv tushirishni o‘ylab Samarqand shahriga keldi. 

Qora rangli harbiylar kiyimiga o‘xshash kiyim kiyib olgan Jonibek shahardagi “Hazora” mahallasiga keldi. Shu yerda joylashgan harbiy kiyimlar tikadigan tikuvxonaga kirdi. Tikuvchi bo‘lib ishlaydigan Marjonani oldiga kelib:

- Harbiy kiyimni qanchadan tikyapsiz? – deb so‘radi.

- 300 ming so‘mdan tikamiz.

- Menga qora rangidan tikib bering.

- Hozir vaqtim yo‘q, “zakaz”larim ko‘p, - dedi tikuvchi.

- Men sizga 300 ming emas, 500 ming so‘m beraman, iltimos, menikini tezroq tikib bering, - deb cho‘ntagidan 500 ming so‘m pul chiqardi.

Shundan keyin Marjona Jonibekdan o‘lcham olib, uning buyurtmasini tika boshladi. Jonibek tikuvchi juvonni yonida o‘tirib, u bilan yaqindan tanishishga urindi.

Avvaliga o‘zini tanishtirib, Samarqand shahri bo‘yicha maxsus otryad komandiri bo‘lib ishlashini, ismi-sharifi Shohimardon Davlatov  ekanini aytib, qizning ham ismini bilib oldi.

- Turmushga chiqqanmisiz?

- Ha, turmushga chiqqandim, keyin ajrashib ketdik.

- Men ham ajrashganman, hozir bo‘ydoqman.

Marjona buyurtmani tikib bo‘lguncha Jonibek uni ishonchiga kirdi. Yoqtirib qolganini aytib, manzilini, telefon raqamini bilib oldi. Ota-onasi rozi bo‘lsa, unga uylanishini aytdi. Harakatlari yanada ishonchliroq chiqishini o‘ylagan yigit, qizning uyiga boradigan bo‘ldi. Yo‘l-yo‘lakay bozorlik qilib, qiznikiga o‘tdi. Ota-onasiga o‘zini tanishtirib, yoshligida ota-onasi vafot etganini, mehribonlik uyida katta bo‘lganini, gap orasida Marjonani yoqtirib, ancha paytdan beri kuzatib yurganini, ularning roziligini olib turmush qurishini aytdi. Toshkentda ham, Samarqandda ham o‘zining uyi borligini, ishi tayinli ekanligini qo‘shib qo‘ydi.

Gapga usta yigit Marjonaning ota-onasini to‘qigan yolg‘onlariga ishontirdi. Qizning ishonchiga kirgan Jonibek endi rejalarini amalga oshirishga o‘tdi. Marjonaga shaxsiy muammolari chiqib qolganini, Toshkentga borib kelish uchun pul kerakligini aytdi. Keyingi kun Marjona 6 million so‘m olib chiqdi.

- Bu pullar kam-da, ko‘proq kerak menga. Tilla taqinchoq topilsa ham mayli, taqinchoqlarni garovga qo‘yib pul olaman. Lavozimimni ko‘tarishyapti, endi Toshkentda yashaymiz, - deb Marjonani sarobga ishontirdi.

Shundan so‘ng Marjona qarindoshlaridan 800 dollar va 12.500.000 so‘mlik tilla taqinchoqlarni qo‘sh qo‘llab berdi.

O‘sha kuni Jonibek chiroyli kiyinib olib, Marjonani oldiga keldi. Toshkentga taqdirlash marosimiga ketayotganini aytdi. Kelgan mashinasida Marjonani biroz sayr qildirib, keyin “bir soatda kelaman, tayyor bo‘lib tur” deb yana ishxonasiga tashlab ketdi. Yigitga chin dildan ishongan juvon uni intiq bo‘lib kutdi. Ammo kechgacha Jonibekning telefoniga bog‘lanolmagach aldanganini angladi. Shunda ham umid qilgan Marjona ertasi kuni noiloj IIBga murojaat qildi.

Jonibek tilla taqinchoqlarni shaharda 4,2 million so‘mga sotdi. Pulning g‘amini yemay ancha payt maza qilib yashadi.

Jonibekka oxirgi tayinlangan jazoning o‘talmay qolgan qismi shu muddatga ish haqining 20 foizini davlat hisobiga ushlab qolgan holda axloq tuzatish ishlari jazosiga almashtirilgandi. Keyin shu muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirilib, qidiruv e’lon qilindi. Mazkur ish bo‘yicha jinoyat ishlari bo‘yicha Payariq tuman sudining ajrimiga asosan sirtdan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanildi va Jonibek 2021 yil 19 yanvarda ushlandi.

Sudda Jonibek aybini tan olib, qilmishidan pushaymonligini bildirdi. Sud hukm chiqardi: Jonibek 5 yilu 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

Marjonaning foydasiga 26.900.024 so‘m undiriladigan bo‘ldi. Ish bo‘yicha ashyoviy dalil sifatida olingan “Samsung A 40” uyali telefoni egasiga qaytarildi.

Samarqand viloyat sudi jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi.