Samarqandda bu yil o‘tgan yilgidan 40 ming tonna ko‘p ko‘mir tarqatiladi

“Ko‘mir ta’minot” MChJ Samarqand filiali tomonidan o‘tgan yil kuz-qish mavsumida aholiga 80 ming tonna ko‘mir tarqatish rejalashtirilib, keyinchalik tushgan buyurtmalar asosida yana 30 ming tonnadan ortiq mahsulot yetkazib berilgan. Bu yil esa 123 ming tonna ko‘mir mahsulotlari yetkazib berish ko‘zda tutilgan.

Viloyat Matbuot uyida o‘tkazilgan 2022/2023 yillar kuz-qish mavsumida aholi va ijtimoiy soha muassasalarini ko‘mir mahsulotlari bilan ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ayni paytda davom etayotgan jarayon haqida ma’lumot berildi.

– Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 24 fevraldagi farmoyishiga asosan joriy yilning may-iyun oylarida viloyatimizdagi ijtimoiy soha muassasalariga 46 ming 940 tonna ko‘mir mahsulotlari yetkazib berildi, – dedi “Ko‘mir ta’minot” MChJ Samarqand filiali rahbari Sayfiddin Jumanov. – Ayni paytda esa viloyatning gazlashtirilmagan mahallalarida istiqomat qiluvchi iste’molchilarga temiryo‘l stansiyalarida joylashgan 8 ta ombor hamda Qo‘shrabot va Urgut tumanlaridagi 4 ta shoxobcha orqali ko‘mir tarqatilmoqda. Buning uchun hokimliklar tomonidan mahallalar kesimida ro‘yxat va buyurtmalar shakllantirilgan. Angrendan keltirilayotgan ko‘mir ana shu ro‘yxat asosida bir tonnasi 300 ming 300 so‘mdan iste’molchilarga sotilmoqda.

Jumladan, mavsumda Urgut tumani aholisiga 37 ming tonna, Past Darg‘om tumaniga 10940 tonna va boshqa tumanlarga 500 tonnadan 10 ming tonnagacha ko‘mir tarqatish ko‘zda tutilgan. Bugungi kungacha aholiga 43 ming 815 tonna ko‘mir mahsulotlari tarqatildi.

Matbuot anjumanida “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyati axborot xizmati mas’ul xodimi N.Dushayev ishtirok etdi va ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.

Jurnalist va blogerlar Samarqand shahridagi Zarafshon omborida tumanlarga ko‘mir tarqatish jarayonlari bilan ham tanishdi.