Imtiyozli narxdagi ko‘mir aholiga qay tartibda beriladi?
Avvalroq telegram kanalimizda “Aholi uchun belgilangan imtiyozli narxda ko‘mir xarid qildingizmi?” savoli bilan so‘rovnoma o‘tkazgan edik. Ishtirokchilarning 35 foizi “Qayerdan va qay tartibda olishni bilmayman”, degan javobni tanlagani e’tiborimizni tortdi.
Gap shundaki, bu yil aholiga imtiyozli narxda ko‘mir tarqatish tartibi biroz o‘zgargan. O‘tgan yillarda fuqarolar faqat mahalla raisining ma’lumotnomasi asosida tegishli omborlardan belgilangan miqdorda ko‘mir olib ketardi. Bu yildan e’tiboran esa tartib o‘zgargan.
"Samarqand" ko‘mir ombori mudiri Bobosher Qarshiyevning ma’lum qilishicha, ko‘mirga ehtiyoji bor xonadon vakili mahalla orqali maxsus platformaga elektron ariza tashlaydi. Ariza mahalliy hokimlik va undan so‘ng “O‘zbekko‘mir” AJ tomonidan elektron tizimda ko‘riladi. Ma’qullangach, fuqaro shaxsini tasdiqlovchi hujjat bilan ko‘mir tarqatish omboriga boradi. Ombor xodimi platformadan uning arizasi tasdiqlanganini ko‘rib, ko‘mir ajratib beradi.
Bu yilgi qish mavsumida viloyatimiz aholisiga 145,9 ming tonna ko‘mir imtiyozli narxlarda (bir tonna ko‘mir uchun to‘lov — 309 ming 800 so‘m) yetkazib berilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bugungacha 81,7 ming tonna (55 foizi) ko‘mir keltirildi. Aholiga ko‘mir tarqatish uchun 8 ta ombor va 4 ta savdo shoxobchasidan foydalanilmoqda.
Samarqand shahridagi “Samarqand” omborida bo‘lganimizda aholi vakillarini ko‘rmadik. Bilishimizcha, haftaning uch kunida ko‘mir qabul qilinar, uch kunda tarqatilar ekan.
Past Darg‘om tumanidagi omborda ko‘mir tarqatish jarayoniga guvoh bo‘ldik.
Aslida, hammasi oddiy – elektron tarzda yo‘lga qo‘yilgan. Ammo fuqaroning arizasi biror tushunmovchilik sabab qabul qilinmagan yoki platformaga tushmagan bo‘lsa, uni joyida hal qilish mexanizmi yo‘q. Mas’ullarga ko‘ra, kamdan kam holatda mana shu masalada e’tiroz uchraydi. Ma’lum qilishlaricha, aholiga berilishi lozim bo‘lgan ko‘mirning talon-toroj qilinishining oldini olish uchun mazkur tizim yo‘lga qo‘yilgan. Ammo bu tizim yangiligi bois hozircha ayrim tushunmovchiliklar uchraydi.
Maqolani tayyorlarkanmiz, ayrim hududlarda fuqaro elektron ariza topshirish uchun borganida mahalla raisi “limit yo‘q”ligini aytib qaytarayotganini ma’lum qilishdi. "Ko‘mir ta’minot" MChJ viloyat filiali vakillari esa cheklov yo‘qligi, sharoitiga qarab mahalla raisi har bir xonadonga 2 tonnagacha ko‘mir berishi mumkinligini bildirdi.
O‘ylaymizki, mutasaddi tashkilotlar “limit” masalasida aniq fikr bildirishadi. Toki, fuqarolar sarson bo‘lib yurmasin.
Yuqorida so‘rovnomamizda ishtirokchilarning 35 foizi ko‘mir olish tartibidan bexabar ekanligi haqda yozdik. Demak, bu tartibdan aholini ham, mahalla raislarini ham to‘liq xabardor etish lozim. Muammo yuzaga kelganda yechim yo‘qligi ham ko‘rib chiqish lozim bo‘lgan masala. “O‘zbekko‘mir” AJning rasmiy saytida aholida savol va muammolar yuzaga kelganida murojaat qilishlari uchun maxsus bot ko‘rsatilgan. Biz sinov tariqasida ushbu botga murojaat qilib ko‘rdik. Afsuski, (21 noyabr sanasida) murojaatimizga hech qanday javob bo‘lmadi.
Yana bir muammo, bu — ko‘mirning sifati. Bu holat bilan bog‘liq savollar ham, javoblar ham necha yilki bir xil: aholiga beriladigan ko‘mirning yarmi nega kukundan iborat? Qazish va yetkazish jarayonida kukun hosil bo‘lishi tabiiy holat. Ammo nega bozor narxida ko‘chadan xarid qilinadigan ko‘mirda bir hovuch ham kukun bo‘lmasligi haqidagi savolga hech kim javob bermaydi.
Aholi bilan suhbatimizda ayrimlar bu yil berilayotgan ko‘mirda kukun nisbatan kam ekani, o‘tgan yillarda ahvol bundan badtar bo‘lganini ma’lum qilishdi.
Anvar Mustafoqulov,
Baxtiyor Mustanov (foto).