Qachongacha yozda issiqdan, qishda ko‘mirdan qorayamiz?!
Shu kunlarda viloyatdagi qaysi soha vakillari bilan suhbatlashmang, vaqti biroz ziqligi, yuqoridan ishchi guruh kelgani yoki kelaayotganini aytmoqda. Tabiiyki, yuqori idora vakillarining quyida olib borilayotgan ishlar bilan rostakamiga tanishishi, kamchiliklarini o‘rganishi shu tizimdagi qator muammolarning bartaraf etilishiga xizmat qiladi.
Lekin ayni qish kunlarida ushbu ishchi guruh vakillariga bir iltimosimiz bor edi. Qaysi tizimni olib qaramang, sog‘liqni saqlashmi, maktabgacha ta’lim yo maktabmi – hozir bemorlarning issiq palatalarda va bolalarning issiq sinf xonalarida dars tayyorlashi hammasidan ham ahamiyatli. Xo‘sh, gaz yetib bormagan xonadonlar-u ijtimoiy soha muassasalari qanday isitilyapti? Agar mutasaddilarning mikrofon qarshisida "shuncha ko‘mir tarqatildi, shuncha aholiga arzonlashtirilgan ko‘mir yetkazib berildi", degan gaplarini ko‘mir olayotganlar eshitsa bormi?! Axir, bugun ularning arzidan ko‘mir ham tutab ketyaptiku!
- Arzonlashtirilgan ko‘mir berilyapti, degan gapni eshitib o‘g‘lim bilan kerakli manzilga bordik, - deydi shunday iste’molchilardan biri. – Navbatda turgach, ko‘mir oladigan bo‘ldim. Qarasam, bir tonna tuproq joylangan (juda katta qismi kukun, demoqchi). Iya, deb hayratimni yashirmadim. “Olmasangiz, o‘zingiz bilasiz, vaqtimizni olmang”, deya qo‘rs javob berishdi. Nima bo‘lsa bo‘ldi, deya yuklangan xaridni oldim, ilojim qancha. Axir bir tonna ko‘mir uchun 300 ming so‘m to‘lab qo‘ydim-da. Menga shunaqa kukun ko‘mir berilganini chiqayotganda, qo‘shnimning kinoyasidan tushunib qoldim. Haydovchilarga “dolya”sini bersam, tuzukrog‘idan olib chiqishar ekan. Sodda bo‘lmay qolay, ketaverdim. Mana, bir oy o‘tdi, faqat bittagina uyni isitib (unga qo‘shimcha ko‘mir sotib olganman, aralashtirib ishlatish uchun) yanvarni amallab o‘tkazdik. Buyog‘iga bir tonnasi qariyb 2 million so‘mga borib qoladigan ko‘mir olaman ko‘chadan.
- Uyda ikki kelinim, o‘zimiz chol-kampir, jami o‘n kishi yashaymiz, - deydi ko‘mir olganlardan yana biri. – Arzonlashtirilgan ko‘mir olib, uyimizni isitganimizdan keyin nevaracham qattik kasal bo‘lib qoldi. Allergik shamollash, deyishdimi, ishqilib, nima bo‘ldi, naqd besh million pulimiz ketdi. Shundan keyin Qozog‘istondan keltirilayotgan ko‘mirdan, kilosini 1700 so‘mdan xarid qildik.
Ha, aytgancha, ishchi guruh a’zolaridan yana bir iltimosimiz bor, yo‘ldagi tut daraxtlari kallaklab ketilmadimikan, shungayam bir qarab o‘ting.
Mas’ullardan ham bir iltimosimiz bor: qishda sovqotayotgan va kasal bo‘lganlardan pul ishlamaylik, shu "bekat"da korrupsiyani to‘xtatib turaylik, axir! Axir, yuzimiz qachongacha yozda issiqdan, qishda yarmi tuproq ko‘mirdan qorayaveradi?!
Gulruh MO‘MINOVA.