Gazlashtirilmagan mahallalarda yashovchi aholiga ko‘mir tarqatilyapti

“Ko‘mir ta’minot” mas’uliyati cheklangan jamiyati Samarqand filiali tomonidan viloyatimizning gazlashtirilmagan hududlarida yashovchi aholiga mahallalarning buyurtmasi asosida ko‘mir mahsulotlari tarqatilmoqda. 

– Bu yilgi mavsumda aholiga 118 ming tonna ko‘mir yetkazib berishimiz kerak, – deydi “Ko‘mir ta’minot” MChJ Samarqand filiali rahbari Sayfiddin Jumanov. – Temiryo‘l stansiyalarida joylashgan 8 ta ombor hamda Qo‘shrabot va Urgut tumanlaridagi 4 ta savdo shoxobchamiz orqali gazlashmagan hududlar aholisiga ko‘mir tarqatilyapti. Buning uchun hokimliklar tomonidan mahallalar kesimida ro‘yxat va buyurtmalar shakllantirilgan. Ushbu ro‘yxat asosida iste’molchilarga ko‘mirning bir tonnasi 300 ming 300 so‘mdan sotilmoqda. Shu paytgacha 67 ming tonna ko‘mir tarqatdik. Jumladan, viloyatimizning olis hududlari aholisiga 19191 tonna, ijtimiy-iqtisodiy sharoiti og‘ir mahallalarga 17209 tonna ko‘mir yetkazib berildi. 

Bugungi kun holatida omborlarimizda 2589 tonna ko‘mir bor va tumanlarga tarqatilyapti, erta-indin Samarqandga yana 3450 tonna keltiriladi. Yil yakuniga qadar belgilangan miqdorda ko‘mir olib kelinib, iste’molchilarga yetkazib beriladi.