Samarqandda elektromobillarni tezkor zaryadlash qurilmasi o‘rnatildi
Bugun, 13 sentyabr kuni Samarqand shahrida joylashgan 89-sonli «Samarqand-2» nomli AYoQShda elektromobillarni tezkor zaryadlash qurilmasi o‘rnatildi.
Endi samarqandlik elektromobil egalari Samarqand shahar Rudakiy ko‘chasi 145-uy manzilida joylashgan «O‘zbekneftgaz» AJ «UNG Petro» korxonasiga qarashli AYoQShda o‘rnatilgan qurilmadan uzluksiz foydalanishlari mumkin.
Ta’kidlash kerakki, Toshkent va Samarqand shaharlarida elektromobillarni tezkor zaryadlash qurilmalari samarali ishlashi to‘liq ta’minlangan holda kelgusida Respublikaning barcha hududlarida yo‘lga qo‘yiladi, deb xabar beradi «O‘zbekneftgaz» AJ matbuot xizmati.
Elektromobillar bir qancha afzalliklarga ega bo‘lib, dvigateli atrof-muhitga zararli gazlarni chiqarmasligi hisobiga atrof-muhit ifloslanishi kamayishiga olib keladi va dvigateli elektr energiyasidan (muqobil energiyalar hisobiga) quvvat olishi sababli an’anaviy yonilg‘i sarfini kamaytiradi.
Shu boisdan tezkor zaryadlash qurilmalarini «O‘zbekneftgaz» AJ «UNG Petro» korxonasiga qarashli AYoQShlarning barchasida o‘rnatilishi bosqichma-bosqich amalga oshirilishi rejalashtirilgan.