Samarqandda elektron va plastik chiqindilarni qayta ishlash korxonasi tashkil etiladi

Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev Chexiyaning “Praktik system” kompaniyasi rahbari Petr Linhart bilan uchrashdi.

Muloqotda elektron va plastik chiqindilarni qayta ishlash loyihasi muhokama qilindi. Petr Linhart rahbarlik qiladigan kompaniya dunyoning yigirma to‘rtta davlatida elektron va plastik chiqindilarni qayta ishlashga ixtisoslashgan korxonalarga ega.

Ushbu korxonalarda muzlatkichlar, sovutish va muzlatish moslamalari, kir va idishlarni yuvish mashinalari, mikroto‘lqinli pechlar, changyutgichlar, elektron choynaklar va boshqa shu turdagi maishiy elektron jihozlarni ekologik jihatdan qayta ishlash va utilizatsiya ishlari olib boriladi.

Kompaniya vakillari yurtimizda, xususan, Samarqandda ham ana shunday korxona qurishga investitsiya kiritish istagida ekanliklarini bildirdi. Bu uchun shahar bo‘ylab elektron va plastik chiqindilarni qabul qilish joylari, maxsus zavod qurish bo‘yicha loyihalarining taqdimotini o‘tkazdi.

Viloyat rahbari chiqindilarni qayta ishlash, chiqindilarni boshqarish sohasida eng muhim chora-tadbirlardan biri hisoblanishi, so‘nggi yillarda mamlakatimizda chiqindilarni qayta ishlash masalasiga alohida e’tibor berilayotganligiga to‘xtalib, investorga qonun doirasida amaliy ko‘mak ko‘rsatilishini bildirdi.