Milliy libos hammaga yarashadi

Milliy liboslarimiz nafaqat millatimiz ko‘rkini, balki ma’naviy mafkuralarimizni va dunyo tamaddunida tutgan o‘rnimizni namoyon etadi.

Samarqand shahrida kasbiy ta’lim muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida o‘zbekona kiyinish madaniyati, uning targ‘iboti, kiyim tanlash, zamonaviy kiyinishda o‘zbekona sharm-hayo me’yorlariga amal qilish, milliy an’analarimizni keng targ‘ib qilish maqsadida kasbiy ta’lim tashkilotlari o‘quvchilari o‘rtasida “Milliy liboslar - millatimiz va ma’naviyatimiz ko‘zgusi” tanlovi o‘tkazildi.

Tanlovda I o‘rin Oqdaryo tuman 2-son politexnikumi, II o‘rin Toyloq tuman 1-son politexnikumi hamda III o‘rin Past Darg‘om tuman 3-son politexnikumi o‘quvchilariga nasib etdi.

Shuningdek, kasbiy ta’lim muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida “Globallashuv davrida axloqiy qadriyatlarning madaniyatlar almashinuviga ta’siri” nomli tadbir tashkil etildi.

Insonning falsafiy va ma’naviy dunyosi axborotlashgan jamiyatning turli axloqiy me’yorlarini to‘g‘ri anglashga, har bir fuqaroning borliqda o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘lgan haqiqatiga tayanishga chorlaydi.

Shuning uchun har bir insonning faoliyatida ajdodlarning milliy qadriyatlariga singib ketgan halollik, rostgo‘ylik, hayo, insof, xushfe’llik, shirinsuxanlik, kamtarinlik kabi axloqiy fazilatlar mavjudki, ulardan har kim o‘z ijtimoiy hayotida turlicha foydalanadi.

Ushbu ezgulik va milliylikka yo‘g‘rilgan tanlovda birinchi o‘rin Narpay tuman 1-son, Kattaqo‘rg‘on tuman 1-son, ikkinchi o‘rin Toyloq tuman 1-son, Toyloq tuman 2-son hamda uchinchi o‘rin Paxtachi tuman 1-son, Ishtixon tuman 1-son politexnikumi o‘quvchilari qo‘lga kiritdi.

Tanlovlarda g‘olib bo‘lgan jamoalarga viloyat oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar boshqarmasining esdalik sovg‘alari topshirildi.