Afg‘oniston chegarasidagi bozor. Unga borishingiz uchun beshta sabab bor
“Nazorat kuchli ekan”, “Ayollarning erkak hamrohsiz kirishi mumkin emas”, “Hududida musiqa qo‘yish yoki tinglashni man qilish talab qilinibdi”.
Ikki qo‘shni xalq – o‘zbek va afg‘onlar o‘rtasidagi do‘stlik, samimiyat va hamkorlik belgisi sifatida bunyod etilgan Termiz xalqaro savdo markazi atrofida yana qanday gap-so‘zlar bo‘lmadi, deysiz. Xo‘sh, ular qanchalik haqiqatga yaqin? Samarqanddan Termizga, xalq tilida “afg‘on bozori” nomi bilan mashhur o‘sha markazga borish osonmi yoki qiyin? U yerda nimalarni xarid qilish mumkin? Buni aniqlash uchun Surxondaryoga yo‘l oldik.
Samarqand – Qashqadaryo – Surxondaryo
Ozgina geografiyaga to‘xtalamiz. Surxondaryo viloyati respublikamizning janubi-sharqidagi Surxon-Sherobod vodiysida joylashgan bo‘lib, janubdan Amudaryo bo‘ylab Afg‘oniston, shimol, shimoli-sharq va sharqdan Tojikiston, janubi-g‘arbdan Turkmaniston bilan chegaradosh. 20,1 ming kilometr kvadrat maydonining asosiy qismi relefi tog‘ va tekisliklardan iborat. Surxondaryo va Sheroboddaryo oqib o‘tadigan tekislik shimol, g‘arb va sharqdan baland Hisor tizmasi va uning tarmoqlari bilan o‘ralgan.
Aytilganidek, safardan maqsad bir nuqtadan ikkinchi nuqtaga borib, bozorni ko‘rib qaytish emas, balki unga borish yo‘lining “past-baland”larini ko‘rib, taassurotlarimizni o‘rtoqlashish edi. Shu bois yo‘lga yengil avtomobil bilan chiqdik.
Transportimiz Samarqand shahridan kunduzgi soat 9:00larda harakatlandi. Yo‘l boshlovchi ilova Termiz shahrigacha 370 kilometr masofa borligini ko‘rsatdi. Samarqand tumani orqali Qarshi yo‘liga tushib oldik. Magistral yo‘l sizni to‘g‘ri Termizga olib boradi. Agar yo‘lda to‘xtamasangiz, 7 soatlik masofa. Ammo buning deyarli iloji yo‘q. Ayniqsa, Qashqadaryo tog‘ tizmalari, qir-adirliklarning go‘zalligiga mahliyo bo‘lib, yo‘ldan qolganingizni payqamay qolasiz. Yo‘l yoqalab joylashgan savdo shoxobchalaridagi turli noz-ne’matlardan (qish bo‘lishiga qaramay, istagan mahsulotingizni topasiz) tatib ko‘rgingiz keladi. Odamlarining samimiyatidan ko‘nglingiz yorishadi.
Hozirgina palakdan uzilgandek turgan tarvuzni ham shu yo‘lda uchratdik. Qashqadaryoning Chiroqchi tumanidagi Galabek qishlog‘ida yashovchi dehqonlar qishning chillasida ham, ko‘klamda ham tarvuz sotishadi.
- Bizda tarvuz oktyabr oyining 5-10-sanalarida yig‘ishtirib olinadi, - deydi Bayman ota Hasanov. – Keyin tepaliklardan yerto‘la qaziymiz. Yerto‘laning ichki qismi kengaytirilib, handak hosil qilinadi. Tarvuzlar shu handakka solinib, usti tuproq bilan qoplanadi. Ular uzoq vaqt sifati buzilmay turishining boshqa biror siri yo‘q. Ota-bobolarimiz shunday qilishgan, biz ham. Balki yerimizning o‘ziga xos xususiyati bordir. Lekin bizning tajribani qo‘llagan boshqa hech yerda tarvuz bunchalik yaxshi saqlanganligini ko‘rmadim.
Bayman ota yerto‘lalarida 10 mingta tarvuz ko‘mgan ekan. Hosilning asosiy qismini sotib bo‘libdi. Uning aytishicha, boshqa viloyatlardan atay tarvuz olish uchun keladigan odamlar ham bor. Kimdir dardman yaqini uchun, boshqalar homilador xotini yo kelini uchun yo‘l bosib keladi. Lekin shu vaqtgacha hech kim quruq qo‘l bilan qaytmagan ekan. Otaxonning o‘zi kuniga 50 tagacha tarvuz sotayotganini aytdi. Narx masalasiga kelsak, insof sari baraka, katta-kichikligiga qarab 10 ming so‘mdan 25 ming so‘mgacha tarvuz topasiz.
Yorqin ranglarga burkangan tog‘lar
Surxondaryo nomining kelib chiqishiga oid turli farazlar bor. Lekin bu farazlarning deyarli barchasida nom tarjimasida “qizil” so‘zi ishlatiladi. Xususan, O‘zbekiston joy nomlari izohli lug‘atida Surxondaryo dastlab, ehtimol, Surxob, deya atalgan, deyiladi. Forschadan tarjima qilinganda “qizil daryo” degani.
Bu nom unga naqadar mosligini Surxondaryoda bo‘lganlargina tushunadi. Qashqadaryoni chegaralab, Surxon vohasiga kirib borarkansiz, tog‘u toshlar, yerning rangi ham o‘zgarib borayotganligiga guvoh bo‘lasiz. Ayniqsa, osmon bilan bo‘ylashgan tog‘larning turli ranglarda jilolanishi kishini hayratga soladi. Bu ranglar ichida qizil rang ustunlik qiladi. Shu bois ham undan oqib tushuvchi jilvalar qizg‘ish bo‘lib, atrofga o‘ziga xos ulug‘vorlik baxsh etib turadi.
Aynan shunday taassurotlar bilan Surxondaryoning mashhur Sherobod anor bozoriga yetib keldik. Magistral yo‘l yoqasida joylashgan bu bozorcha o‘zining qirmizi anorlari bilan mashhur.
- Shu tumanning Tarog‘li mahallasida turaman, – deydi Ismat Sanayev. – Mahallamizda barcha anor yetishtirish bilan shug‘ullanadi. Shaxsan o‘zimda 15 sotixda 150 tup anor bor. Ulardan har yili 5 tonnagacha hosil olaman. Bizda anorlar sho‘r suv ichadi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, ta’mi o‘zgacha totli, saqlanishi ham yaxshi. Oilam bilan bir kunda 3 million so‘mgacha savdo qilyapmiz. Yo‘lovchilar doim bozorchamizga to‘xtab o‘tadi.
Anor bozorining atrofi gavjum. Odamlar anorlarni shu yerning o‘zida tatib ko‘rishga oshiqadi. Biz ham bu imkoniyatni qo‘ldan boy bermadik. Haqiqatan anorning mazasi og‘izda qoladigan.
Harakatni davom ettirarkanmiz, navbatdagi tabiat mo‘’jizasi – xorij kinolarida ko‘rganimizdan ham chiroyli kanonlar bizni qarshiladi. Bu betakror manzaraga boqib, o‘z yurtimiz, uning go‘zal tabiati haqida deyarli hech nimani bilmasligimizni angladik. Ko‘plab kilometrlarga cho‘zilgan bu qizil kanonlarning o‘zi har qanday sayyohni lol qoldirishi turgan gap.
Alohida e’tirof etilishi kerak bo‘lgan yana bir jihat, bu - Surxondaryodagi deyarli barcha ko‘chalarning ravonligidir. Buni ayniqsa, haydovchilar juda qadrlashadi. Yo‘llar tekisligi bir qulaylik bo‘lsa, ularning kengligi yana bir qulaylikdir. Xullas, ikki kun vohada, tor yoki xizmatini o‘tab, ilma-teshik bo‘lgan ko‘chani ko‘rmadik. Holbuki, magistral yo‘lning Dehqonobod (Qashqadaryo) tumanidan o‘tuvchi qismida bo‘larimiz bo‘lgandi.
Ko‘chalarda odam kam
Termizga kech tushganda kirib keldik. Mehmonxonalar ko‘p, joylashish qiyin bo‘lmadi. Lekin Termizning tungi ko‘chalariga moslashish bir oz qiyin kechdi. Sababi, Samarqand shahri ko‘chalari yarim tunda ham gavjum bo‘ladi va biz shunga o‘rgangan ekanmiz. Tungi Termizni ko‘rish uchun sayrga chiqqanimizda, piyoda yurgan odamlar juda kam edi. Transport vositalari ham bizdagidan karrasiga kam. Bir tarafdan noqulay bo‘lasiz, ikkinchi tarafdan halovatni his qilasiz. Tungi sokinlik kunduz kuni ham ko‘p buzilmaydi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Termiz so‘zi Tarmita, u esa qadimgi baqtr tilidagi “taramastxa” (taro mayetha) so‘zidan olingan bo‘lib, "daryoning narigi qirg‘og‘idagi manzilgoh” ma’nosini anglatadi. Ba’zi manbalarda Termizning tarixi miloddan avvalgi davrlarga bog‘lanadi. Bu qadimiy manzilgoh hozir yurtimizning eng janubiy qismida joylashgan shahardir. Va uning tarixi doim Amudaryo va daryoning narigi qirg‘og‘ida yashovchi xalqlar bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan.
Bugun ham Termiz ko‘chalarida afg‘onistonlik qardoshlarimizni ko‘rishingiz mumkin. Aytganimizdek, mehmonxonalar ko‘p va ularning doimiy mijozlari orasida qo‘shni xalq vakillari ham bor. Bilishimizcha, keyingi yillarda afg‘onistonlik tadbirkorlar Termizda ham qator loyihalarni amalga oshirib, ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishda faol ishtirok etmoqda ekan.
Bozorga kirish oson, chiqish qiyin
Safarimizning ikkinchi kuni Termiz xalqaro savdo markaziga yo‘l oldik. O‘zbekiston va Afg‘oniston chegarasidagi Hayraton ko‘prigi yaqinida qurilgan savdo majmuasiga birgina pasport yoki ID-karta yordamida rasmiy qayddan o‘tib kirasiz. Transportda bo‘lsangiz, bojxona ko‘rigidan o‘tkaziladi, bunda ham muammo yo‘q. Xuddi shunday afg‘onlar bu markazga vizasiz, faqat pasport bilan kirishadi.
Bozorda ikki davlat fuqarolari uchun mehmonxona, shifoxona, tamaddixona va boshqa xizmat ko‘rsatish shoxobchalari bor. 120 gektar yerni egallagan majmuada 500 tacha do‘kon borligi aytildi. Bugungi kunda bu do‘konlarning deyarli barchasi egali, savdo esa avjida.
Biz markazga kirib borarkanmiz, unda mahalliy aholidan ko‘ra afg‘onistonliklarning ko‘p ekanligi e’tiborimizni tortdi. Ko‘pchilik savdo bilan band, yana kimlardir yashil maysazorda, quyosh nurida chordona qurib o‘tiribdi, boshqalar o‘rindiqlarda farzandlari bilan hordiq chiqaryapti. Va asosiysi, barcha muloqotga ochiq, samimiy suhbat yoki intervyu berishdan hech kim qochmaydi.
Do‘konlarni aylanar ekanmiz, bu yerda ham shunday muhitni ko‘rdik. O‘zbek va afg‘on sotuvchilari yonma-yon, qo‘shni do‘konlarda savdo qilishmoqda. Afg‘on do‘konlarida barcha sotuvchilar o‘zbek tilini yaxshi biladi. Bemalol mahsulot narxiga tortishishingiz, xullas, o‘zimizdagidek jaydaricha bozor qilishingiz mumkin.
- Bu bozordan do‘kon ochganimizga 4 oycha bo‘ldi, - deydi Mozori Sharifdan kelgan Shermuhammad Nazariy. – Ikkita do‘konni olganmiz, har ikkisida asosan afg‘on milliy kiyimlari, gilamlarini sotamiz. Ularni o‘z seximizda ishlab chiqaramiz. Savdo kun sayin yaxshilanib boryapti.
Yana bir afg‘onistonlik Hamid ismli sotuvchi urgutlik tadbirkorlar tomonidan yuritilayotgan do‘konda sotuvchi bo‘lib ishlashini aytdi. Ular taklif qilayotgan uy-ro‘zg‘or buyumlari, elektron texnikalar har ikki tomon xaridorlari uchun qiziq ekan.
- Afg‘onistonga elektron texnikalar asosan Xitoy va Pokiston orqali kirib keladi, - deydi u. – O‘zbekistondan juda kam. Do‘konimizga kelganlar bu yerda mahsulotlar ancha arzon ekanligini aytishmoqda. Xaridorlar soni ham shunga mos ravishda ortib boryapti. Hamyurtlarim asosan isitish pechlari va sovutkichlarga qiziqish bildiryapti.
- Besh oydan beri shu bozorda oziq-ovqat do‘konini yurityapmiz, - deydi Toshkent shahridan kelgan tadbirkor Dadaxon O‘rinboyev. – Asosiy maqsadimiz mahsulotlarimizni afg‘onistonlik xaridorlarga tanishtirish. Ularning ehtiyoj va takliflarini o‘rgangan holda mahsulot eksportini yo‘lga qo‘ymoqchimiz. Markaz afg‘onistonlik tadbirkorlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun ham muhim minbar hisoblanadi.
Sotuvchi va xaridorlar bilan muloqot davomida aniq bo‘ldiki, Afg‘onistonga boshqa davlatlardan eksport qilinayotgan mahsulotlarning ayrimlari bozordagidan ancha arzon. Shunga qaramay, ular O‘zbekiston mahsulotlarini afzal ko‘rishmoqda. Buning asosiy sababi ularning sifatida ekanligi ekan. Ya’ni, bizning mahsulot sifatliroq. Shuningdek, ayrim oziq-ovqat mahsulotlari, xususan, tuxum Afg‘onistondagidan ancha arzon. Shu bois aksar afg‘onistonlik xaridorlar boshqa yumush bilan kelsa-da, qaytishda tuxum olib ketishadi.
Texnika masalasiga kelsak, afg‘onistonlik xaridorlarning aytishicha, Afg‘on chegarasida uning kilogrami hisoblanar ekan. Har bir odamga ma’lum kilogramm yukni o‘tkazishga ruxsat beriladi. Shu bois katta texnika, jumladan, muzlatkich olish uchun bir oiladan 3-4 kishi keladi. Bu uning vaznini o‘rtada teng bo‘lish imkonini beradi.
Bozorni bir kunda aylanib chiqish qiyin, ayniqsa, biz uchun afg‘onistonliklarning do‘konlarini chetlab o‘tish qiyin bo‘ldi. O‘zingizni Afg‘onistonda yurgandek, sayyohdek his qilasiz. Shuning uchunmi, bozorni tark etgingiz kelmaydi.
Afg‘on bozorini kim “egallaydi”?
Endi bu bozorning ahamiyati haqida to‘xtalsak. Ma’lumki, taxminan 40 million aholiga ega va uning qariyb 45 foizi qishloq xo‘jaligida band bo‘lgan Afg‘oniston bugun ko‘plab davlatlar uchun jozibali bozor hisoblanadi. Uzoq yillik notinchliklardan so‘ng dunyoga ochilish, savdo-sotiqni rivojlantirish afg‘onlarning o‘zi uchun ham muhim, albatta. Ammo bu yurtda hali sanoat rivojlanmagan, 20-30 milliard dollarlik iqtisodiyotga ega katta bir mamlakat hozir asosan importga bog‘lanib qolgan. Eksportga quritilgan meva, dorivor o‘tlar, foydali qazilmalar, sabzavotlar, jun, paxta va boshqa sanoqli mahsulotlar chiqariladi, xolos.
Ma’lumotlar keyingi yillarda mamlakatning asosiy savdo hamkorlaridan biri - Pokiston bilan o‘zaro savdo hajmi pasayganini ko‘rsatmoqda. Bu esa yangi yo‘nalish - O‘zbekiston, Qozog‘iston, Hindiston va Xitoy bilan savdo aloqalarini kengaytirishni taqozo etadi. Xususan, O‘zbekiston bugun Afg‘onistonga asosan maishiy texnika, oziq-ovqat (ayniqsa, tuxum), turli sanoat mahsulotlari, un, bug‘doy va sement yetkazib bermoqda. Bu hamkorlikda O‘zbekistonning eksport ulushi 90 foizdan oshdi. Ya’ni, importyor Afg‘oniston hisoblanadi. Shunga qaramay, afg‘on bozori hali ham to‘g‘ri ma’noda “och” deyish mumkin. Bu bozordan muqim o‘rin olish endi avjiga chiqmoqda.
Shularni tahlil qilsangiz, yuqorida tanishilgan bozorning har ikki tomon uchun ham nechog‘lik ahamiyatli ekanligini anglaysiz. Bunday savdo yo‘nalishlarini yanada kengaytirish zarurligini tushunasiz. Tadbirli ishbilarmonlarimiz bu yo‘nalishda allaqachon harakatni boshlagan. Ammo ba’zilar hali ham o‘yda.
Aytish joizki, afg‘on xalqi dunyoga ochilishga harakat qilar ekan, kommunikatsiya tarmoqlari ham kengayib boraveradi. Jarayonda o‘z muqim o‘rnimizga ega bo‘lishimiz esa nafaqat iqtisodiy, balki siyosiy jihatdan muhim hisoblanadi. Buni raqobatchilarimiz yaxshi bilishadi. Shu bois ham O‘zbekiston, Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasida qurilishi kerak bo‘lgan transafg‘on temir yo‘li loyihasi necha yillardan beri dunyo diqqat markazida turibdi. Agar bu loyiha amalga oshsa, o‘zaro savdo hajmi hozirgidan yuzlab baravarga ortishi mumkin. Bu ham yaqin kelajakda yangi maqolamizga mavzu bo‘ladi, degan umiddamiz.
Xulosa qilib aytganda, Surxondaryodagi ayni bozor bugun ikki xalq o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar va tijoriy hamkorlikning amaliy ifodasi hisoblanadi. Uning atrofidagi gap-so‘zlar esa fuqarolarimiz, xususan, tadbirkorlarda ham u haqda noto‘g‘ri tasavvur shakllanishiga sabab bo‘lmoqda. Biz bozorda bo‘ldik va boshqalarga ham uni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishni tavsiya qilamiz. Qolaversa, Surxondaryo ham sayyohlarini zeriktirib qo‘ymaydi.
Anvar Mustafoqulov,
Asqar Barotov,
Samarqand – Qashqadaryo – Surxondaryo – Samarqand