Buzilayotgan turar va noturar joy ob’yektining bozor qiymati to‘liq qoplab beriladi

Bu me’yor Prezident farmonida belgilandi.

Unga ko‘ra, 2025 yil 1 martdan renovatsiya asosida ko‘p kvartirali uy-joylarni barpo etishning quyidagi tartibi joriy etiladi:

- renovatsiya loyihasini boshlashga barcha mulkdorlar bilan notarial tasdiqlangan kelishuv bitimi imzolanganidan so‘ng ruxsat beriladi;

- mulkdorlarga, ularning xohishiga ko‘ra, quyidagi kompensatsiya turlaridan biri taqdim etiladi:

➖ buzilayotgan turarjoy ob’yektlari o‘rniga ularning maydonidan kam bo‘lmagan renovatsiya dasturiga muvofiq yangi quriladigan turarjoylardan yashash uchun tayyor holdagi kvartiralarni mulk huquqi asosida berish hamda qurilish davrida ko‘chish, shu jumladan, boshqa turarjoy ob’yektini vaqtinchalik ijaraga olish bilan bog‘liq xarajatlarni to‘liq qoplash;

➖ buzilayotgan turar va noturar joy ob’yektining bozor qiymatini to‘liq qoplab berish;

➖ renovatsiya loyihasi tashabbuskori bilan kelishilgan holda boshqa turdagi kompensatsiyani taqdim etish.