Samarqandda ikki kunda 61 million so‘mlik noqonuniy un savdosiga chek qo‘yildi

Butun jahonni larzaga solib turgan pandemiya barchani sinovdan o‘tkazyapti. Ba’zi insofli tadbirkorlar davlatga ko‘mak sifatida kam ta’minlangan oilalarga yetarlicha yordam ko‘rsatmoqda. O‘z o‘rnida hukumat tomonidan tadbirkorlarga qator imtiyozlar berilgan.

Ammo ba’zi “tadbirkorlar” borki, davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan faoliyat ko‘rsatishga harakat qilishadi, qonunni chetlab, cho‘ntagini qappaytirmoqchi bo‘ladi. Qonuniy faoliyat yuritayotganlarga halaqit berish bilan birga, davlat g‘aznasiga soliq to‘lashmaydi. Bugungi sinovli kunlarda esa g‘aznaga tushgan har bir so‘m koranavirus balosini yengishda muhim ahamiyatga ega.

Noqonuniy faoliyat yuritayotgan “tadbirkorlar” faoliyatiga chek qo‘yish maqsadida viloyat davlat soliq xizmati organlari sayyor soliq tekshiruvi bo‘limlari xodimlari tomonidan tekshirishlar o‘tkazib kelinmoqda.

Joriy yilning 18-19 sentyabr kunlari viloyat bo‘yicha jami 15 holatda fuqarolar tomonidan davlat ro‘yxatidan tadbirkor sifatida ro‘yxat o‘tmasdan, noqonuniy ravishda un mahsulotlarini qimmat narxlarda sotayotganliklari aniqlanib, ulardan daliliy ashyo sifatida 61 million so‘mlik O‘zbekiston va Qozog‘iston Respublikalarida ishlab chiqarilgan un mahsulotlari vaqtinchalik olib qo‘yildi.

Jumladan, 19 sentyabr kuni Past Darg‘om tumani Qatorterak mahallasi hududida noqonuniy ravishda un mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanuvchi fuqarolarni aniqlash maqsadida tekshirish o‘tkazildi. Ushbu mahallada yashovchi, 1989 yilda tug‘ilgan fuqaro E.N. tegishli hujjatlarsiz, noqonuniy ravishda O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan 97 qop unning 1 qopini 185000 so‘mdan, Qozog‘iston Respublikasida ishlab chiqarilgan unning 1 qopini 220000 so‘mdan sotayotganligi aniqlandi. Holat bo‘yicha tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirilib, sotuvdagi 164 qop, umumiy qiymati 31 million 575 ming so‘mlik un mahsuloti daliliy ashyo sifatida vaqtinchalik olib qo‘yildi.

Davlat soliq xizmati organlari yuqoridagi kabi noqonuniy savdo jarayonlariga qarshi kurashish borasida doimiy nazorat tadbirlarini amalga oshirmoqda. Siz un narxining asossiz oshirilgani holatlariga duch kelsangiz, boshqarmaning 66-234-06-16 raqamli “Ishonch telefoni”ga murojaat qiling.