Samarqandda ko‘ngilochar maskanlar, 1 848 ta umumiy ovqatlanish shoxobchalari faoliyati to‘xtatilgan

Samarqand viloyatidagi tungi dam olish markazlari, massaj salonlari va bolalar o‘yin zallari faoliyati 2020 yil 20 mart kunidan boshlab to‘xtatilgan.

Viloyat davlat soliq boshqarmasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, 75 ta tungi klub faoliyati to‘xtatilgan. Qayd etilishicha, Samarqand shahrida 56 ta, Oqdaryo tumanida 9 ta, Bulung‘ur tumanida 8 ta, Ishtixon va Narpay tumanlarida bittadan tungi klub ro‘yxatga olingan.

Shuningdek, Samarqand shahridagi 8 ta, Samarqand tumanidagi 5 ta, Kattaqo‘rg‘on shahridagi 4 ta, Nurobod, Past Darg‘om va Bulung‘ur tumanlaridagi 2 tadan, Oqdaryo, Ishtixon, Paxtachi va Urgut tumanlaridagi 1 tadan fitnes klublar faoliyatini to‘xtatish to‘g‘risida ogohlantirilgan.

Bundan tashqari, Samarqand va Kattaqo‘rg‘on shaharlaridagi, Bulung‘ur va Ishtixon tumanlaridagi massaj salonlari (har bir hududda bittadan) faoliyatini to‘xtatgan.

Viloyatdagi jami 64 ta bolalar o‘yin zallari va 30 boshqa xizmat ko‘rsatish shoxobchalari ishlamayapti.

Ma’lumotga qo‘ra, viloyatdagi 1 848 ta umumiy ovqatlanish shoxobchalari hamda ularga qarashli 2 099 ta shoxobchalar faoliyati ham to‘xtatilgan.

Eslatib o‘tamiz, ushbu turdagi xizmat ko‘rsatish shoxobchalari karantin davri tugamasdan faoliyat ko‘rsatgan taqdirda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddaga ko‘ra javobgarlikka tortiladi.

Xususan, karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishining yoki tarqalishining oldini olish maqsadida belgilangan majburiy qoidalarni buzish, shu jumladan, karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi hamda tarqalishi sharoitida shifoxonadagi ichki tartibga rioya etmaslik, davlat sanitariya nazorati organlarining tibbiy tekshiruvdan o‘tish va davolanish, karantinni o‘tash uchun belgilangan joylarga yetib borish va ushbu joylarni belgilangan muddat davomida tark etmaslik, kasallik yuqish xavfi mavjud bo‘lgan davrda muloqotda bo‘lingan shaxslar va borilgan joylar haqidagi ma’lumotlarni oshkor qilish to‘g‘risidagi yoki boshqa qonuniy talablarini uzrli sabablarsiz bajarmaslik, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan o‘ttiz baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa o‘ttiz baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.