Umumiy ovqatlanish va chakana savdo sohalaridagi talablar soddalashtiriladi
“Tadbirkorlik sub’yektlari bilan samarali muloqot tizimini joriy etish va ularning huquqiy himoyasini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, “business.gov.uz” portali “Tadbirkor virtual ofisi” portaliga aylantirildi.
Portal orqali tadbirkorlarning murojaatlari kecha-yu kunduz qabul qilinib, hal etiladi va ushbu jarayonlar nazorat qilib boriladi.
2022 yil 1 avgustdan portalga quyidagilar tomonidan murojaatlar kiritiladi:
- tadbirkorlar;
- Savdo-sanoat palatasi huzuridagi “Sall-markaz” xizmati;
- Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (Vakil);
- hokim yordamchilari;
Murojaatlar avtomatik yoki Vakil tomonidan vakolatli organlarga ko‘rib chiqish va hal etish uchun yo‘naltiriladi;
- vakolatli organlar murojaatlarni ko‘rib chiqib, natijalari to‘g‘risida axborotni portalga kiritadi;
- Vakil murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibi va muddati ustidan raqamli nazorat o‘rnatadi hamda qonunbuzilish holatlari bo‘yicha tegishli ta’sir choralarini qo‘llaydi.
Vakil har yili 1 martgacha Prezidentga davlat organlari tomonidan tadbirkorlarning huquqlari va manfaatlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlariga rioya etilishining holatiga doir yillik hisobot taqdim etadi.
Adliya vazirligi tomonidan 2022 yil 1 sentyabrgacha umumiy ovqatlanish va chakana savdo sohalaridagi talablarni soddalashtirish hamda ushbu sohalardagi tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash choralarini nazarda tutuvchi hujjat loyihasi Hukumatga kiritiladi.