Samarqandda koreys xor jamoalarining VII respublika ko‘rik-tanlovi bo‘ldi

Tadbirda Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Kvon Yon U, respublika koreys milliy-madaniy markazlar uyushmasi raisi Viktor Pak yurtimizda istiqomat qilayotgan koreys millatiga mansub aholining barcha o‘zbekistonliklar singari urf-odat, milliy qadriyatlarini asrab-avaylashi va rivojlantirishi, farzandlarining ta’lim olishi, iste’dod hamda salohiyatini keng namoyon etishi uchun teng sharoit yaratilganligini ta’kidlab o‘tdi.

Respublikamizning barcha viloyatlaridan kelgan koreys xor jamoalari ishtirok etgan tanlovda hakamlar Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanining "Pom-param" xor jamoasini g‘olib deb e’lon qildi. Shuningdek, Samarqandning "Sarang" hamda Xorazm viloyatining "Pyol" jamoalari keyingi o‘rinlarni egalladi.

Mazkur tanlovda ishtirok etganimizdan juda xursandmiz, – deydi Buxoro viloyatining "Bahor" xor jamoasi rahbari Margarita Ten. – Qator yillardan beri bu tanlovda ishtirok etib, g‘olib va sovrindorlar safidan o‘rin olib kelganmiz. Repertuarimizdan o‘rin olgan o‘nlab koreys milliy ashula va raqslarini ijro etib, samarqandlik tomoshabinlarning olqishiga sazovor bo‘ldik.  

Tadbirda viloyat hokimining o‘rinbosari R.Qobilov ishtirok etdi.

Dilmurod TO‘XTAYeV.