Samarqandda mahoratli kasb egalari saralanyapti

Xabar qilganimizdek, Samarqandda 29-31 yanvar kunlari “Worldskills Samarkand-2025” V Milliy kasblar chempionati o‘tkazilmoqda.

Samarqand shahridagi yoshlar markazida chempionatning ochilish marosimi o‘tkazildi.

Unda viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Shohruh Daliyev, Ishchi kasblarni rivojlantirish va ommalashtirish assotsiatsiyasi boshqaruv raisi Farruxjon Jo‘rayev, Shveysariyaning O‘zbekistonda kasbiy ta’lim islohotlarini qo‘llab-quvvatlash loyihasi rahbari Simone Strasburger va boshqalar so‘zga chiqib, ishtirokchilarga muvaffaqiyat tiladi.

Shuningdek, 2022 yilning oktyabr oyida Fransiyaning Bordo shahrida bo‘lib o‘tgan 46-Xalqaro Worldskills chempionati g‘olibi Akbar Abdurahimov so‘zga chiqib, ishtirokchilarga omad tiladi va xalqaro maydondagi muvaffaqiyatlarni davom ettirish lozimligini ta’kidladi. 

“WorldSkills” musobaqasi ilk bor 1947 yilda Ispaniyada Ikkinchi jahon urushi natijasida vayron bo‘lgan davlatlarning ayrimlarida yoshlar uchun yangi ish o‘rinlarini yaratish maqsadida tashkil etilgan. Ishchi kasblar bo‘yicha jahon chempionati har ikki yilda bir marta o‘tkaziladi va “ishchilar uchun olimpiada” deb ham nomlanadi. Unda 22 yoshgacha bo‘lgan yigit-qizlar ishtirok etadi.

“Worldskills Samarkand-2025” V Milliy kasblar chempionatida yurtimizdagi 66 ta texnikumning eng mohir o‘quvchilari ishtirok etmoqda. Maqsad eng mahoratli mutaxassislarni rag‘batlantirish hamda joriy yilning 23-27 noyabr kunlari Tayvanda tashkil etiladigan “WorldSkills Asia Competition Taipei 2025” xalqaro kasblar chempionatida ishtirok etadigan ishtirokchini aniqlashdan iborat.

Ochilish marosimi konsert dasturi bilan davom etdi.