Samarqandda maishiy texnika va avtomobillar uchun metall listlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi
Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun hududlarda elektrotexnika, kimyo va farmatsevtika tarmoqlarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘tkazgan yig‘ilishda ma’lum qilingan.
Ta’kidlanishicha, bu yil elektrotexnikada 163 million dollarlik 39 ta, kimyo sanoatida 70 million dollarlik 17 ta va farmatsevtikada 87 million dollarlik 57 ta korxona ishga tushdi.
Shu bilan birga, bu tarmoqlarda foydalanilmagan imkoniyatlar hali ko‘p. Ichki bozorni mahalliy mahsulotlar bilan to‘ldirish elektrotexnikada 50 foizga, kimyo sanoatida 40 foizga, farmatsevtikada 18 foizga ham yetmaydi.
Hududlarda tashkil qilingan zonalardan hamda sanoat kooperatsiyasi imkoniyatlaridan yetarlicha foydalanilmayapti. 116 ta korxonaga olib kelingan 85 million dollarlik sanoat uskunasi ishga tushmasdan turibdi. 727 ta korxona to‘liq quvvatda ishlamayapti.
Yig‘ilishda shu kabi kamchiliklar tanqidiy tahlil qilinib, dolzarb vazifalar belgilangan.
– Hokimliklar sanoat tarmoqlari bilan uzviy bog‘liqlikda ishlab, hududlarda iqtisodiyotni diversifikatsiya qilishi, loyihalarni ko‘paytirishi zarur. Shundagina joylarda iqtisodiy o‘sish, ish o‘rni, byudjetga tushum bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Kelgusi yilda mazkur 3 tarmoqda 12 milliard 700 million dollarlik 24 ta yirik loyiha boshlanishi qayd etildi. “Navoiyazot”da polivinilxlorid va Qo‘ng‘irotda kalsiylangan soda quvvatlarini kengaytirish, Qorako‘lda metanoldan olefin olish, Samarqandda maishiy texnika va avtomobillar uchun metall listlar ishlab chiqarish loyihalari shular jumlasidandir.