Samarqandda “Ma’rifat karvoni” tadbirlari boshlandi
Xabar berganimizdek, yurtimizda o‘tkazilayotgan “Tamaddun, madaniyat va ma’rifat” mavzusida “Ma’rifat karvoni” ilmiy-ma’rifiy va madaniy targ‘ibot tadbirlari Samarqandda ham start oldi.
Tadbir Samarqand shahridagi yoshlar markazida “Yangi O‘zbekistonda ma’naviy, diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar va bunyodkorlik ishlari” mavzusida ziyolilar forumi bilan boshlandi.
Tadbirda viloyat hokimligi mas’ullari, respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanov, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov, viloyatdagi ziyolilar, imom-xatiblar, otinoyilar hamda mahalla oqsoqollari ishtirok etdi.
- Mazkur tadbir olim, ziyoli, san’at va madaniyat namoyandalari, ma’naviy-ma’rifiy ishlarga mas’ullar, mahalla faollari hamda ilg‘or yoshlarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish, mamlakatning milliy mafkura yo‘nalishidagi islohotlari, jamiyatni, ayniqsa, yoshlarni buzg‘unchi g‘oyalardan himoya qilish maqsadida mamlakatimizning barcha hududlarida tashkil etilmoqda, - deydi respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanov. – Shuningdek, davlatimiz rahbarining Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda Oliy Majlis Senatining birinchi yalpi majlisidagi nutqi hamda yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini ziyolilar ishtirokida xalqimizga yetkazish va tushuntirish asosiy vazifamiz.
Loyiha doirasida kun davomida viloyatimizning barcha hududlarida “Yangi O‘zbekiston – islohotlar falsafasi” nomli anjuman, ilg‘or, faol yigit-qizlar ishtirokida “Zamonaviy yoshlar – taraqqiyot drayveri” mavzusida ilm-fan va innovatsiyalarga bag‘ishlangan mahorat darslari, shuningdek, “O‘zbekiston obidalaridagi bitiklar” kitob-albomi taqdimoti kabi tadbirlar o‘tkaziladi.