Samarqandda mast fuqaro ichki ishlar xodimlari faoliyatiga asossiz aralashdi
Ijtimoiy tarmoqlarda “Samarqandda IIB xodimlari va fuqarolar o‘rtasida janjal sodir bo‘ldi” sarlavhasi ostida tarqalgan video yuzasidan Samarqand viloyati IIB axborot xizmati ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, 2021 yilning 5 sentyabr kuni soat 23:45lar atrofida Samarqand shahar Go‘ro‘g‘li ko‘chasida tungi xizmatni olib borayotgan hodimlar yoniga, shu ko‘chada yashovchi, 1982 yilda tug‘ilgan D.Muhiddin mast holatda kelib, hech bir sababsiz baqir-chaqir qilib, jamiyatda o‘rnatilgan tartib qoidalarni qasddan mensimay, IIB xodimlarining qonuniy faoliyatiga aralashgan.
Fuqaroni yaqin oradagi IIBga olib borish davomida, u xodimlarga faol qarshilik ko‘rsatgan. Holatga D.Muhiddinning yaqinlari ham qo‘shilib uni qo‘yvorishlarini so‘ragan.
Holat qonuniy tartibda rasmiylashtirilib, D.Muhiddinga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining tegishli moddalari bilan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan.
Fuqaroning harakatlariga nisbatan sud organlari tomonidan yakuniy qaror qabul qilinadi.