Samarqandda nimalar o‘zgardi, nima o‘zgarmadi? Xorijdan qaytgan vatandosh maktubi (Birinchi maqola)
Umumiy holatim shunday: Katta shaharlardan charchaganim uchun tinchgina kichkina va hamisha navqiron Samarqandimda yashab ishlay qolaman degan niyatda keldim. Hozircha aniq qarorda emasman, o‘rganyapman.
*
Bugun ataylab yurdim, Samarqand shahrini u boshidan bu boshigacha piyoda 2.5 soatda kelarkanman. Bahonada Samarqanddagi o‘zgarishlarni ko‘rdim, kuzatdim, tahlil qildim, hatto o‘zim ko‘p yillar yashagan bu shaharning ba’zi joylarida adashib ketdim ham. Samarqandda haqiqatan ham o‘zgarishlar juda katta. Bundan xursand bo‘ldim. Ayniqsa, uy-qurilish sohasida ancha-muncha tajriba to‘plashgani bilindi. O‘zgarishlar qamrovida Yevropacha ustunlik yaqqol bilingan, bu ham yaxshi ko‘rsatkich. Do‘konlar va bozorlardagi narxlarda raqobat bor (shaxsan menga do‘kondagi mollarning narxi ma’qul keldi). Kelgan kunlarim narxlar arzondek kelayotgan edi, lekin narx-navolarda biroz qimmatlik borligini bugundan seza boshladim. Ha yana bir narsa, Samarqandda xitoycha lavhalar va yozuvlar ham ko‘payib qolibdi.
*
Bizda eng katta muammo ommaga xizmat ko‘rsatish joylarida servisning juda ham oqsoq ekanligini, mana shu jabhada yoshlarimizni o‘qitish va ularni ish bilan ta’minlash kerakligini ko‘rdim (masalan, do‘konlarda, mashina yuvish nuqtalarida, bozorlarda, qo‘yingki, xizmat ko‘rsatish sektorining barchasida yoshlarimizga alohida o‘quv va amaliy dastur asosida ta’lim berilishi kerak ekan.) Umid qilamanki, bu jihat ham hisobga olinib, daromad manbaiga aylantiriladi.
*
Bugungi eng muhim voqelardan biri esa Samarqand Arxitektura instituting rektorlik lavozimida ishlab kelayotgan Turkiyalik olima Chidem Turkyilmaz bilan tanishish bo‘ldi. Zamonaviy ta’lim masalalarida suhbatlashdik. Xulosam: ta’lim tizimida xorijiy malakali mutaxassislarni jalb etishda davom etish kerak.
Fazliddin Madiyev,
Anqara HBV (Turkiya) universiteti xalqaro aloqalar bo‘limi doktoranti.