Samarqandda “Oziq-ovqat mahsulotlari sifat haftaligi” o‘tkazildi
O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi va Samarqand shahridagi “Korzinka” supermarketi hamkorligida ana shunday tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda agentlik vakillari, agentlikning viloyatdagi tashkilotlari mutaxassislari va jurnalistlar ishtirok etdi.
Tadbirda iste’molchilarga mahsulotning standart talablariga mosligi, saqlanishi hamda qadoqlanishdagi me’yorlari yuzasidan ma’lumot berildi.
- Amaldagi standart talablariga javob bermaydigan mahsulotlar nafaqat iste’molchilar uchun, balki biznes uchun ham jiddiy xavf tug‘diradi, - deydi O‘zbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi viloyat filiali mutaxassisi Sirojiddin Odilov. - Ya’ni, iste’molchilar, ayniqsa bolalar turli kasalliklar yoki shikastlanishiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lsa, biznesda esa, o‘z navbatida, tadbirkorlar jarimaga tortiladi yoki uning biznesiga putur yetadi. Mazkur tovarlarni qat’iy laboratoriya sinovlaridan o‘tkazilishi ushbu xavflarni kamaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, haftalik doirasida mutaxassislar tomonidan sifatli va xavfsiz ovqatlanish tamoyillari, tarkibida tuz, qand va yog‘ miqdori belgilangan me’yorlardan yuqori bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlarining inson salomatligiga zarari, bolalar va o‘smirlar tomonidan kuchli gazlangan, rangli, shirin hamda energetik ichimliklarning iste’molini tartibga solish bo‘yicha tavsiyalar berildi.