Samarqandda parrandachilik klasteri tashkil etiladi
Parrandachilikni yanada rivojlantirish, sohaga ilg‘or texnologiyalar va innovatsion ishlanmalarni joriy etish, parranda mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, ularning turlari va eksport ko‘lamini kengaytirishda viloyatimiz parrandachilik xo‘jaliklari respublikamizda yetakchilik qilmoqda. Ayni paytda 140 ta parrandachilik korxonalarida 6 milliondan ziyod parranda boqilib, ulardan bir kecha-kunduzda 1 million 400 mingdan ortiq tuxum olinmoqda. Parrandachilik korxonalari tomonidan naslli jo‘ja, tuxum va chorva ozuqasi Tojikiston, Afg‘oniston davlatlariga eksport qilinmoqda.
Prezidentimizning 2018 yil 13 noyabrdagi “Parrandachilikni yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida ilg‘or xorijiy davlatlarning tajribasini o‘rgangan holda hududlarda parranda yetishtirish, uni qayta ishlash va tayyor mahsulot holida iste’molchiga yetkazish, eksport salohiyatini to‘liq qamrab olgan parrandachilik klasterlari tashkil etish belgilangan.
Viloyatimizda ham 2019-2021 yillarda parrandachilik klasterlarini tashkil etish loyihasi ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, Samarqand tumanidagi “Navobod naslli parranda” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligida parrandachilik klasteri tashkil etiladi. 230 mingdan ortiq tovuq parvarishlanayotgan korxonada oyiga 200 tonnaga yaqin tovuq go‘shti yetishtirilmoqda.
Abduvali Xudoyorov,
Bosh prokuratura huzuridagi agroinspeksiya
viloyat boshqarmasi bo‘lim bosh inspektori.