Qo‘shrabotda parrandachilik kutilgan natijani berdimi?
Sarlavhani shunday qo‘yishimizga sabab bor, 2021 yil davlat rahbarining Samarqandga tashrifi davomida bu tumanda parrandachilikni rivojlantirish yuzasidan berilgan topshiriqlardan so‘ng matbuotda aynan shunday bayonotlar berilgan, parrandachilik tumanda kambag‘allikni tugatishiga ishora qilingan maqolalar e’lon qilingandi.
Prezident tomonidan Qo‘shrabot tumanida xonaki tovuq yetishtirish va mahsulotni realizatsiya qilishning yaxlit tizimini yaratish bo‘yicha topshiriqlar berilgandi. Xususan, tumanda Davlat soliq qo‘mitasi huzurida aholiga parrandachilikni rivojlantirishga ko‘maklashuvchi «Loyiha ofisi» tashkil etilib, shu soha bilan shug‘ullanuvchi har bir xonadondagi holatni doimiy kuzatib borish hamda ularga o‘z vaqtida veterinariya xizmatlari ko‘rsatilishi va zarur ozuqa yetkazib berilishini yo‘lga qo‘yish vazifasi qo‘yilgandi.
Oradan roppa-rosa uch yil o‘tdi. Xo‘sh, tumanda ko‘zlangan loyihalar amalga oshdimi? Bugun tuman parrandachilik bo‘yicha respublika va viloyatda nechanchi o‘rinlarda turadi? Ishsiz aholining necha foizi shu yo‘nalishda o‘z o‘rnini topdi?
Umuman, parrandachilik sohasi bo‘yicha Qo‘shrabot tumanidagi ishlarni maqtash ham, tanqid qilish ham mumkin. Ikkisiga ham to‘xtalamiz. Ammo eng achinarlisi shuki, davlat rahbari topshirig‘i bilan tashkil etilgan parrandachilik bo‘yicha «Loyiha ofisi» bugun faoliyatini to‘xtatib qo‘ygan. Holbuki, bu loyiha yuqorida aytganimizdek, tumanda parrandachilik bilan shug‘ullanuvchi har bir xonadonni doimiy kuzatib borishi, o‘z vaqtida veterinariya xizmatlari ko‘rsatilishi va zarur ozuqa yetkazib berilishini yo‘lga qo‘yishi kerak edi. Bir hafta davomida ko‘p idora mutassaddilari bilan telefon orqali bog‘landik, ammo «Loyiha ofisi» faoliyati to‘xtagani sababini aniq aytib beradigan mas’ul topilmadi. Sohaga yaqin ayrim mutaxassislarning fikridan bildikki, «Loyiha ofisi» bankrotga uchragan. Boshida tashkilot yuzlab xonadonlarga inkubator olib berib, tovuqchilikni boshlashiga ko‘mak ko‘rsatgan. Ammo ish to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagani bois tashkilot ko‘p o‘tmay moliyaviy qiyinchiliklarga uchragan va ishni to‘xtatishga majbur bo‘lgan. Uni qo‘llab-quvvatlash, tiklash, faoliyatini davom ettirish masalasi esa ko‘tarilmagan. Davlat rahbarining topshirig‘i shu tarzda unutilgan. Fikrimizcha, holat viloyat darajasida bir o‘rganib ko‘rilishi lozim. Chunki davlat rahbarining bu bo‘yicha topshirig‘i aynan viloyat hokimligiga berilgan edi.
Albatta, bu degani tumanda parrandachilik ham to‘xtadi, degani emas. Har bitta mahallada o‘nlab, ayrim mahallalarda yuzlab tovuq boqib kun ko‘radigan oilalar bor. 2023 yilda tumanda aholi va korxonalar tomonidan 2,1 ming tonna parranda go‘shti, 27,8 million dona tuxum yetishtirilgan. Bugungi kunda tumanda drayveri aynan parrandachilik bo‘lgan 12 mahalla bor. Tuman hokimligi ma’lumotiga ko‘ra, 1457 ta xonadon parrandachilik bilan shug‘ullanadi. 4500 ga yaqin aholi shu sohada band.
Masalan, “Shovana” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi fuqaro Elyor Tilovov tomonidan 2 ming bosh go‘sht yo‘nalishi bo‘yicha tovuqlar boqilmoqda. Bu tovuqlar har 40-45 kunda tayyor bo‘ladi. Har bir tayyor bo‘lgan tovuqdan o‘rtacha 2,5-3 kilogramdan go‘sht olish mumkin. Yoki Chimmos mahallasida yashovchi O‘rolboy Muftillayev xonadoniga 2500 ta tuxum yo‘nalishida parrandalar 2023 yilda berilgan bo‘lib, kuniga 2480 dona tuxum olinmoqda.
Uyda parrandachilik tashkil etgan xonadonlarda bo‘ldik. Shu ish bilan shug‘ullanib, o‘zini tiklab olgan, daromad olayotganlar ham, bir qator muammolarga duch kelayotganlar ham bor. Masalan, Tinchlik mahallasida istiqomat qiluvchi Sanobar Usmonova shu ish bilan shug‘ullanib, yaxshi daromad qilayotganini ma’lum qildi.
Bu xonadonda 640 bosh parranda bo‘lib, har kuni o‘rtacha 630 ta, oyiga qariyb 19 mingta tuxum olinadi. Kunlik sarflanadigan yem hajmi 64 kilogram. Bir oylik jami daromad 22 million so‘m, yem va boshqa xarajatlar 14 million va oylik sof foyda 8 million so‘mga yaqin.
Buloq mahallasida yashovchi Sadriddin Qarshiyev esa parrandachilik bilan shug‘ullanib, qator muammolarga duch kelganini aytmoqda.
- Tovuqchilik aslida yaxshi ish. Qarindoshlarim shu ish bilan shug‘ullanib daromad topganini ko‘rganman, - deydi S.Qarshiyev. - Shularga qarab, o‘zim ham shug‘ullanishga qaror qilgandim. O‘tgan yil iyul oyida ishni boshladik. Ammo o‘ziga yarasha muammolari bor ekan. Tovuqxona tovuq firma tomonidan qurib berilishi aytilgandi. Oldin ishlaganlarga shunday qilinardi. Ammo bizga kelganda bu ish o‘zimizga qoldi. Tumandagi «Loman Parranda» MChJdan 1120 bosh tovuq olgandik. Ammo tovuqlar yetib kelishi jarayonida 20 tasi o‘ldi. Hozirga kelib, 1070 bosh qolgan. Besh oy tuxumni 90 foizdan kam olganim yo‘q. Keyin tusha boshladi. Hozirda kuniga 850 ta tuxum olyapman. Asosiy muammo shundaki, menga berilgan tovuqlarning deyarli barchasi yoshi o‘tgan tovuqlar. Bizga yosh tovuqlar berilishi ko‘zda tutilgan edi. Keksa tovuqlar almashtirilishi, o‘lganlari uchun ham boshqa tovuq berilishi aytilgandi. Ammo unday bo‘lmadi. Olinayotgan tuxum soni tushib ketgani uchun hozir daromad ololmayapman. Har qancha murojaat qilmay, natija bo‘lmayapti. Hozirda tovuqlarni ekspertiza qilamiz deyishyapti. Anig‘i shuki, yaqin orada bizga parranda bergan firma bilan sudlashishimga to‘g‘ri keladi. Chunki bu tovuqlarning har biri menga kreditga 106 ming so‘mdan tushgan.
Sadriddin Qarshiyevga ko‘ra, aslida tovuqchilikdan foyda olsa bo‘ladi, o‘zi bilgan qator odamlar bundan daromad qilib kelyapti. Ammo buning uchun qoidalar ishlashi, keksa tovuqlar berilmasligi kerak.
Surishtirib bildikki, tadbirkorga berilgan tovuq undan oldin Kattaqo‘rg‘ondagi xaridorlardan biriga yetkazilishi kerak bo‘lgan. Ammo xaridor aynan tovuqlar yoshi o‘tgani sabab ularni qaytargan.
Fikrimizcha, bunday muammolar hammada ham uchramaydi. Modomiki, sanoqli holat ekan, mas’ullar ham holatga aralashib, huquqiy yordam ko‘rsatib, muammoni hal qilishda ko‘maklashishlari kerak. Bunday oilalar bilan ishlashi kerak bo‘lgan «Loyiha ofisi» esa yuqorida aytganimizdek faoliyatini to‘xtatgan.
To‘g‘ri, tuman hali ham tuxum yetishtirish bo‘yicha viloyatda 10-o‘rindan orqada. Statistika ma’lumotlariga ko‘ra, Qo‘shrabot tumani tuxum yetishtirish bo‘yicha 2023 yilda viloyatda 11, 2021 yilda 14-o‘rinda qayd etilgan. Ammo aholida bu yo‘nalishga qiziqish yo‘q emas. Yildan-yilga parranda bilan shug‘ullanuvchilar soni ortmoqda.
Samarqand viloyati, mana necha yirdirki, parrandachilik bo‘yicha respublikada birinchi o‘rinni egallab turibdi. Soha bo‘yicha ulkan tajribaga ega tumanlar bor. Ehtimol, ularning tajribasi ham o‘rganilishi kerakdir.
Yana bir mulohaza. Odatda qaysi bir hududda biror tarmoq rivojlansa, yakka tadbirkorlar, xo‘jaliklarga, xo‘jaliklar yanada yirikroq shakldagi korxonalarga aylanib boraverishi va yirik korxonalar soni oshib borishi kerak. Qo‘shrabotda esa hamon soha o‘zini o‘zi band qilishdan nariga siljimayapti. Tumanda parrandachilik yo‘nalishida bitta yirik korxona, uchta fermer xo‘jaligi mavjud. Ular soni nega o‘smayotganini ham bir o‘rganib ko‘rish, to‘siqlar bo‘lsa, olib tashlash kerak.
Qolaversa, qaysi hududda qanday tadbirkorlik turiga talab bo‘lsa azaldan tabiiy ravishda soha rivojlanib kelgan. Fikrimizcha, bunga ham e’tibor qaratish kerak. Ma’lumotlarga ko‘ra, Qo‘shrabotda uzumchilik bilan shug‘ullanuvchi bitta xonadonning yillik daromadi 80 million so‘mdan oshadi. Shuningdek, qo‘ychilikda yillik 28,6 million, tog‘-kon sanoatida 32 million va xizmat ko‘rsatishda ishlovchi xonadonlarning yillik daromadi 25,5 million so‘m. Parrandachilikda esa bir xonadonning yillik daromadi 15 million so‘m deb ko‘rsatilmoqda. Demak, hudud salohiyati, resurslari va aholi qiziqishidan kelib chiqib, boshqa yo‘nalishlarda ham e’tiborni susaytirmaslik lozim.
Anvar Mustafoqulov.