Samarqandda qarzni vaqtida to‘lamagan korxona qariyb 4,5 million so‘m penya va sud xarajatlarini to‘laydigan bo‘ldi
Savdo-sanoat palatasi viloyat boshqarmasining sudga kiritgan da’vo arizasida «KOMFORT SHINE» mas’uliyati cheklangan jamiyatiga «BUILDER» xususiy korxonasidan 41 million 309 ming so‘m asosiy qarz va 14 million 871 ming 240 so‘m penya undirishni so‘ragan.
Bayon etilishicha, da’vogar «KOMFORT SHINE» mas’uliyati cheklangan jamiyati bilan «BUILDER» xususiy korxonasi o‘rtasida 2018 yilda 60 million so‘mlik shartnoma va 51 million 309 ming so‘mlik mahsulot yetkazib berilgan. Yetkazib berilgan mahsulot uchun 10 million so‘m to‘lab berilgan va 41 million 309 ming so‘m qarzdor bo‘lib qolgan.
Fuqarolik kodeksining 236-moddasida majburiyat shartlariga va qonun hujjatlari talablariga asosan bunday shartlar va talablar bo‘lmaganda ish muomalasi odatlariga yoki odatda qo‘yiladigan boshqa talablarga muvofiq lozim darajada bajarilishi kerakligi, 449-moddasida sotib oluvchi yetkazib beriladigan tovarlar haqini shartnomada nazarda tutilgan hisob-kitoblar tartibi va shakliga amal qilgan holda to‘lashi, agar mahsulot yetkazib berish shartnomasida tovarlar haqi oluvchi (to‘lovchi) tomonidan to‘lanishi nazarda tutilgan bo‘lsa va u haq to‘lashdan asossiz bosh tortsa yoki tovarlar haqini shartnomada belgilangan muddatda to‘lamagan bo‘lsa, yetkazib beruvchi sotib oluvchidan yetkazib berilgan tovarlar haqini to‘lashni talab qilishga haqli ekanligi belgilangan.
Javobgar «BUILDER» xususiy korxonasiga 2019 yil 13 noyabr kuni ogohlantirish talabnomasini yuborib, 2018 yildagi shartnomaga asosan 41 million 309 ming so‘m qarz summasini to‘lab berishni so‘ragan. Biroq javobgar tomonidan ushbu ogohlantirish talabnomasi e’tiborsiz qoldirilgan.
Qayd qilingan tovarlarning yetkazib berilganligi va sotib oluvchi tomonidan qabul qilib olinganligi ish hujjatlaridagi hisob-fakturalar va ishonchnomalar bilan o‘z tasdig‘ini topgan.
Shartnomaning 4.6-bandida, “sotuvchi”ga tovar haqini o‘z vaqtida to‘lamaganlik uchun “sotib oluvchi” kechiktirilgan har bir kalendar kuniga olingan mahsulot qiymatining 0,1 foizi miqdorida penya to‘lashi, bunda hisoblangan jami penya summasi kechiktirilgan to‘lov summasining 50 foizidan oshmasligi kerak, deb belgilangan.
Da’vogar «KOMFORT SHINE» mas’uliyati cheklangan jamiyati shartnomaning ushbu shartidan kelib chiqib, javobgardan 14 million 871 ming 240 so‘m penya undirishni so‘ragan.
Sud majlisida «BUILDER» xususiy korxonasi rahbari da’vo talabiga e’tirozi yo‘qligini, biroq hisob raqamida mablag‘ yo‘qligi sababli to‘lay olmaganligini, asosiy qarzdorlikni to‘lab berishini bildirib, penyani kamaytirishni so‘ragan.
Fuqarolik kodeksining 326-moddasida agar to‘lanishi lozim bo‘lgan “neustoyka” kreditorning majburiyatini buzish oqibatlariga nomutanosibligi ko‘rinib tursa, sud “neustoyka”ni kamaytirishga haqli, bunda qarzdor majburiyatni qay darajada bajarganligi, majburiyatda ishtirok etayotgan taraflarning mulkiy ahvoli, shuningdek, kreditorning manfaatlarini e’tiborga olishi kerakligi, sud alohida hollarda qrzdor va kreditorning manfaatlarini hisobga olib, kreditorga to‘lanishi lozim bo‘lgan “neustoyka”ni kamaytirish huquqiga egaligi ko‘rsatilgan.
Sud javobgar «BUILDER» xususiy korxonasining mulkiy ahvolini va uning manfaatlarini e’tiborga olib, javobgardan undirilishi talab qilingan penyaning 4 million 461 ming 372 so‘m qismini qanoatlantirishni lozim topdi.
Shuningdek, da’vogarning da’vo talabi qisman qanoatlantirilib, javobgar «BUILDER» xususiy korxonasidan da’vogar «KOMFORT SHINE» mas’uliyati cheklangan jamiyati foydasiga 41 million 309 ming so‘m asosiy qarz hamda oldindan to‘langan 17 ming 840 so‘m pochta xarajatini undirish belgilandi.
Bundan tashqari, «BUILDER» xususiy korxonasidan sud hokimiyatini rivojlantirish jamg‘armasiga 1 million 123 ming 604,8 so‘m davlat boji undiriladigan bo‘ldi.
N.TURSUNOVA,
Ishtixon tumanlararo iqtisodiy sudi sudyasi.