Samarqandda to‘rtta saylov uchastkasida ovoz berish jarayonini onlayn kuzatish mumkin
Xalq deputatlari viloyat Kengashiga saylov o‘tkazuvchi saylov komissiyasi bergan ma’lumotga ko‘ra, saylovni demokratik talablar asosida, shaffof o‘tishi uchun keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Samarqand shahrida 2 ta, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 2 ta uchastkada saylov jarayonlarini internetdan onlayn kuzatib borish imkoniyati yaratilgan. (http://elections.uz/uz/lists/camera?page=2)
Xususan, Samarqand davlat universiteti tarix fakultetida joylashgan 66-saylov uchastkasiga o‘rnatilgan kameralar saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatiga olingan 850 nafar saylovchidan necha nafari kelib, o‘zi yoqlagan nomzodlarga ovoz berganini onlayn kuzatib borish mumkin.
Shuningdek, Samarqand yuridik kollejida tashkil qilingan 92-saylov uchastkasida ham 22 dekabr kuni ovoz berish jarayonlarini internet orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuzatishning imkoni mavjud.
- Hududda 1323 nafar saylovchi ro‘yxatga olingan, - deydi uchastka saylov komissiyasi raisi Ikrom Bo‘lishev. – Uchastkada barcha saylovchilar, jumladan, 27 nafar jismoniy imkoniyati cheklangan va 28 nafar joriy yilda ovoz berish huquqiga ega bo‘lgan saylovchilar uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Uchastkaga jarayonni to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritish uchun 2 ta onlayn rejimida ishlaydigan kamera o‘rnatilgan.
Bundan tashqari, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 519 hamda 534-saylov uchastkalarida ham jarayonni onlayn translatsiya qilish rejalashtirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, istalgan shaxs viloyat saylov komissiyasida o‘rnatilgan monitor yoki Markaziy saylov komissiyasining rasmiy sayti orqali viloyatda to‘rtta saylov uchastkasidagi ovoz berish jarayonlari qanday o‘tayotganligini onlayn kuzatib borishlari mumkin.