Samarqandda uch nafar yosh yigit avtomashinadan 3 millionga yaqin pulni o‘margani aniqlandi

Joriy yilning 18 avgust kuni Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB 7-son IIBga Samarqand shahrida yashovchi, 1988 yilda tug‘ilgan A.D. ariza bilan murojaat qildi.

U o‘z arizasida 8 avgust kunidan 9 avgust kuniga o‘tar kechasi soat 02:00 larda noma’lum shaxs, uning Samarqand shahar Obi Mashxat ko‘chasida o‘zining yashash xonadoni oldida turgan “Lasetti” rusumli avtomashinasining old eshigini noma’lum usulda ochib, ichida bo‘lgan 2.800.000 so‘m miqdoridagi pullar va bir dona bahosi 100.000 so‘m bo‘lgan “8X” nomli erkaklar atirini yashirin ravishda talon-taroj qilib, voqea joyidan yashiringanligini ma’lum qilgan.

Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB 7-son IIB xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, ushbu jinoyatni Samarqand shahar A.Adxamov ko‘chasida yashovchi, 1998 yilda tug‘ilgan S.P., Samarqand shahar Inqilob ko‘chasida yashovchi, 1998 yilda tug‘ilgan K.A. va Samarqand shahar Xo‘ja Doniyorbek ko‘chasida yashovchi, 2000 yilda tug‘ilgan K.A.lar oldindan o‘zaro jinoiy til biriktirib sodir qilganligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan ushbu shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda, deb xabar berdi Samarqand viloyati IIB axborot xizmati.