Samarqandda uzluksiz ta’limda uzviylikni ta’minlash bo‘yicha o‘quv-seminari tashkil etildi
Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi hamda Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi hamkorligida maktabgacha, umumiy o‘rta, professional va oliy ta’lim o‘quv dasturlari va fanlarning uzluksizligini va uzviyligini ta’minlash bo‘yicha o‘quv-seminar bo‘lib o‘tdi.
Prezidentimizning 2020 yil 6 noyabrdagi “Ta’lim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori hamda uzluksiz ta’lim tizimida fan dasturlari uzviyligini takomillashtirishga bag‘ishlangan tadbirda Ta’lim inspeksiyasi mutasaddilari va Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi rahbarlari, SamDU va SamDChTI professor-o‘qituvchilari, maktab o‘qituvchilari hamda metodistlar ishtirok etdi.
Seminarda Ta’lim inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Odil Qo‘ysinov Prezident qarorida belgilangan dolzarb vazifalar, maktabgacha, umumiy o‘rta, professional va oliy ta’lim o‘quv dasturlari va fanlarning uzluksizligini va uzviyligini ta’minlashdagi muammolarga to‘xtalib o‘tar ekan, uzluksiz ta’limda uzviylikni amalga oshirish yo‘llari, uzviylikni ta’minlash bosqichlari bo‘yicha taklif va tavsiyalarini bildirdi.
Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi ta’lim inspeksiyasi bosh boshqarma boshlig‘i Abdurahim Nosirov, inspeksiyaning Samarqand viloyati bo‘limi boshlig‘i G‘ayrat Boboxolov, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi metodik xizmat bo‘limi boshlig‘i Nizomiddin Odilov va boshqalar mavzu yuzasidan so‘z yuritdi.
Prezidentning yuqorida ta’kidlangan qarori ilovasining 4-bandiga ko‘ra, “Maktabgacha, umumiy o‘rta, professional va oliy ta’lim o‘quv dasturlari va fanlarning uzluksizligini ta’minlash” vazifasi belgilangan.
Ushbu topshiriq ijrosiga binoan ishchi guruh a’zolari tomonidan uzluksiz ta’lim tizimi uchun 21 ta fan bo‘yicha konsepsiyalar ishlab chiqilib, Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi portaliga (http: //www. uzviylik.tdi.uz) joylashtirilgan. Barcha fanlardan mavzular uzviyligi, takroriyligi nuqtai nazaridan qiyosiy jadvallar tayyorlangan. Jarayonda mavzular takrorlanishi, ayrim mavzularni ta’lim bosqichining biridan boshqasiga o‘tkazish, ayrim fanlardan uzluksiz ta’lim konsepsiyalarining oliy ta’lim qismi ishlab chiqilmaganligi kabi muammolar aniqlangan.
Ushbu fanlar qatorida fizika fanidan takrorlangan mavzular 15 tani, uzviyligi ta’minlanmagan mavzular 19 tani, nazariy mashg‘ulot turidan amaliy mashg‘ulot turiga o‘tkazilishi taklif etilayotgan mavzular 9 tani, qisqartirishga taklif etilayotganlari 1 tani, yangi kiritishga yoki takomillashtirishga taklif etilayotgan mavzular 47 tani, xalqaro tadqiqotlar (PISA, PIRLS,TIMMS) bo‘yicha kiritiladigan mavzular 54 tani va boshqa ta’lim turiga o‘tkazilgan mavzular 35 tani tashkil etgan.
Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Maktabgacha ta’lim, Xalq ta’limi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari bilan birgalikda mutaxassislar tomonidan barcha fanlardan har bir ta’lim turi uchun alohida va o‘zaro uzviyligi ta’minlangan o‘quv dasturlari loyihalari tayyorlangan.
Uzluksiz ta’lim tizimida fizika fani bo‘yicha ta’lim sifatini tubdan oshirish, o‘quv dasturlarini yangilash, ta’lim muassasalarini zamonaviy laboratoriyalar, darsliklar va boshqa o‘quv jihozlari bilan ta’minlash, kadrlar tayyorlash va ilm-fan natijalaridan foydalanishda ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish sohalari o‘rtasida o‘zaro yaqin muloqot va hamkorlikni yo‘lga qo‘yish kabi bir qator vazifalar belgilab berilgan. Muammolardan biri uzluksiz ta’lim tizimining barcha bosqichlarida fizika fanining o‘qitilishi, uning mazmuni, hajmi, metodikasi, darslik va adabiyotlar bilan bog‘liq masalalar ekanligi, ushbu yangilanayotgan o‘quv dasturlari yangi darsliklar uchun asos bo‘lishi, bu borada xatolikka yo‘l qo‘yilsa, uning salbiy oqibatlari ko‘p yillar davom etishi mumkinligi ta’kidlab o‘tildi.
Fizika fanining uzluksiz ta’lim tizimida bir maqsad asosida, uzviy vazifalardan kelib chiqqan holda yuqori saviyada o‘qitilishi bugungi kundagi mamlakatimiz iqtisodiy rivojlanishi, xalqaro tadqiqotlarda muvaffaqiyatli ishtirok etishi bilan bog‘liq muammolarga yechim bo‘lishi qayd etildi.
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda fizika fanidan viloyatdagi maktabgacha ta’lim, umumiy o‘rta ta’lim, kasb-hunar maktabi, akademik litsey va oliy ta’lim muassasalarining o‘quv dasturlari va konsepsiyasini olimlar, metodistlar va amaliyotchi o‘qituvchilardan ishchi guruh tuzgan holda chuqur o‘rganib, uzviylik va uzluksizlik nuqtai nazaridan ham tahlil qilish bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi.