Samarqandda xalqaro tashkilotlar ishtirokida sanoat statistikasi masalalari muhokama qilinmoqda
Samarqandda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Sanoatni rivojlantirish tashkiloti (UNIDO) va Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) bo‘limi bilan hamkorlikda “Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyoning ayrim mamlakatlarida sanoat statistikasini takomillashtirish va sanoat rivojlanishini tahlil qilish uchun statistik ko‘rsatkichlarni ishlab chiqish” loyihasi doirasida sanoat statistikasi bo‘yicha mintaqaviy seminar o‘tkazilmoqda.
Seminarda BMT Sanoatni rivojlantirish tashkiloti (UNIDO) mas’ullari, Armaniston, Ozarbayjon, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iz, Moldova, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston hamda O‘zbekiston davlatlarining statistika bo‘yicha mas’ul xodim va ekspertlari qatnashyapti.
Ishtirokchilar “Sanoat statistikasining asosiy ko‘rsatkichlari”, “Ishlab chiqarishda ilmiy-tadqiqot ishlari”, “Ishlab chiqarishda raqamli iqtisodiyot”, “Sanoat ko‘rsatkichlarining kompozit indekslari” mavzularida taqdimotlar qilib, tajriba almashmoqda.
BMTning Sanoatni rivojlantirish tashkiloti (UNIDO) 1966 yilda tashkil etilgan va shtab-kvartirasi Avstriyaning Vena shahrida joylashgan. Tashkilotga 170 ta davlat a’zo va dunyo bo‘ylab 29 ta mintaqaviy hamda davlatlararo idoralar tarmog‘i mavjud. Tashkilotning asosiy maqsadi rivojlanayotgan mamlakatlar va iqtisodiyoti o‘tish davridagi mamlakatlarda sanoat rivojlanishini rag‘batlantirish va jadallashtirish, shuningdek, xalqaro sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishdan iborat.
Tashkilot sanoatda ekologik barqarorlikni rag‘batlantirish va toza energiyadan foydalanish imkoniyatlarini oshirish bo‘yicha tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlaydi. Barqaror sanoat iste’moli va ishlab chiqarish modellarini rag‘batlantiradi. 2019 yildan buyon tashkilotga a’zo davlatlarda mintaqaviy tarzda sanoat statistikasi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilib kelinmoqda.
- Sanoat statistikasi masalalarini muhokama qilishga bag‘ishlangan galdagi seminarda 10 ta davlat vakillari o‘z taqdimoti va sohada foydalanayotgan loyihalari bilan ishtirok etyapti, - deydi BMT Sanoatni rivojlantirish tashkiloti (UNIDO) bosh statistiki Fernando Kantu. – Yil davomida biz bu kabi loyihalar, erishilgan natija va kelgusidagi rejalarni muhokama qilib, sanoat statistikasining rivojlanishiga xizmat qiladigan loyihalarni saralab olamiz va o‘sha davlat tajribasini amalda tatbiq qilinadi.
Seminarning ilk kunida O‘zbekiston Statistika agentligi Sanoat statistikasi boshqarmasi boshlig‘i Sardor Jo‘rayev tomonidan “O‘zbekiston milliy statistika tizimi va sanoat statistikasi samaradorligini oshirish bo‘yicha amalga oshirilgan islohotlar va istiqboldagi rejalar” mavzusida taqdimot qilindi.
Taqdimotda sanoat statistikasi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, xususan, tarmoq statistikasida axborot tizimlari o‘rnini oshirish, sanoat korxonalari demografiyasi bo‘yicha ko‘rsatkichlarni shakllantirish uslubiyatini takomillashtirish, sanoat ishlab chiqarishining texnologik rivojlanishi bo‘yicha mavjud ko‘rsatkichlarni shakllantirish uslubiyatini xalqaro tavsiya va qo‘llanmalar asosida takomillashtirishga oid masalalar bo‘yicha batafsil ma’lumotlar berildi.
Seminar 7 iyunga qadar davom etadi va sanoat statistikasi bo‘yicha asosiy masalalar yuzasidan ishtirokchi davlatlar, xalqaro tashkilotning mas’ul ekspertlari o‘rtasida muhokamalar bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, ishtirokchi davlatlarning ilg‘or tajribalarini amaliyotga joriy etish, sanoat statistikasi bo‘yicha asosiy indektorlarni shakllantirish metodologiyasini xalqaro tavsiyalar asosida yanada takomillashtirish, sanoatda ko‘p faktorli mehnat unumdorligi indeksini shakllantirish yuzasidan rivojlangan mamlakatlar tajribasini o‘rganish bo‘yicha loyiha doirasida amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar beligilab olinadi.