Samarqandda “Yangi O‘zbekiston” massivlari quriladi

Viloyatning ikki hududida - Urgut tumanining Mergancha massivida 39,2 gektar va Bulung‘ur tumani G‘o‘bdin massivida 23,9 gektar maydonda “Yangi O‘zbekiston” massivlari qurilishi belgilangan.

Bu massivlar hududida 50 tadan kam bo‘lmagan ko‘p kvartirali uylar, ijtimoiy soha, bozor va maishiy xizmat ko‘rsatish ob’yektlari qurilib, dam olish va ko‘ngilochar maydonlar barpo etiladi. Massivga tutash hududlarda kichik sanoat zonalari tashkil etiladi.

Jumladan, Bulung‘ur tumani G‘o‘bdin massivida birinchi qavatida savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtalari bo‘lgan 59 ta 5 qavatli uy-joy quriladi. Joriy yilda 348 ta xonadonga ega 18 ta, 2023 yilda 16 ta va 2024 yilda 500 xonadonli  25 ta ko‘p qavatli uylar barpo etiladi. 2 ta 990 o‘rinli maktab binosi, 3 ta 120 o‘rinli maktabgacha ta’lim muassasasi, 9 ta tibbiy, maishiy va boshqa turdagi xizmat ko‘rsatish ob’yektlari quriladi. Qayta ishlash va ishlab chiqarish korxonalari tashkil etish orqali 475 ta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.

Urgut tumanidagi Mergancha massivida esa 58 ta 2916 ta xonadonga ega 5, 9 va 12 qavatli uy-joylar bunyod etiladi. Joriy yilda 5 va 9 qavatli 18 ta uy quriladi.

Shuningdek, massivda 2 ta 1650 o‘rinli maktab binosi, 4 ta 180 o‘rinli maktabgacha ta’lim muassasasi, 3 gektar maydonda tuman ma’muriy markazini qurish ko‘zda tutilgan. Istirohat bog‘i, oilaviy vrachlik punkti, mahalla markazi, maishiy xizmat, sport kompleksi, mehmonxona, IIB tayanch punkti, kichik sanoat zonasi qurish uchun 5 gektar yer maydoni ajratilgan.

- Hozirda G‘o‘bdin massivida qurilishi rejalashtirilgan 18 ta 5 qavatli uylarning qurilish osti maydonining onlayn auksion g‘oliblari aniqlanib, uy-joylarning loyiha hujjatlari tayyorlanmoqda, - deydi viloyat qurilish bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Sayfiddin Narziqulov. - Urgut tumani Mergancha massivida 18 ta ko‘p qavatli uyning qurilish osti maydonini auksion savdosiga chiqarish uchun yangi “YER-ELEKTRON” avtomatlashtirilgan tizimga qayta kiritildi.

Viloyat hokimligi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasiga bittadan maktab va maktabgacha ta’lim muassasasi, hokimlik va tuman tashkilotlarining ma’muriy binolari qurilishi uchun yer maydonlari ajratilgan.

Ayni paytda ushbu massivlarning qurilish loyihalari “Qishloqqurilishloyiha” MChJ tomonidan ishlab chiqilib, Qurilish vazirligi huzuridagi “Shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi” DUKga taqdim etilgan. Shuningdek, ularning tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan ta’minlash bo‘yicha loyihalari tegishli vazirlik va idoralar tomonidan ishlab chiqilmoqda.

Dilmurod To‘xtayev.