Samarqandda yilning birinchi yarmida giyohvandlik bilan bog‘liq 252 ta jinoiy holat aniqlandi
Bu haqda Samarqand viloyati hokimligi huzuridagi narkotik moddalarni nazorat qilish bo‘yicha mintaqaviy komissiyasi yig‘ilishida qayd etildi.
Viloyatda giyohvand moddalarining noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish yo‘nalishida mintaqaviy komissiya hamda huquqni muhofaza qilish organlar hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida aniqlangan jinoiy holatlar davomida 9 kilogramm 382 gramm giyohvandlik moddalari daliliy ashyo sifatida rasmiylashtirilgan. O‘tgan yilning shu davrida esa 149 holatda 54 kilogramm 964 gramm “zahri qotil”ning noqonuniy aylanishi oldi olingan. Bu yil jinoyatlar soni ko‘p bo‘lsa-da, giyohvandlik moddalar ancha kamayganligini ko‘rish mumkin.
Jinoyatni sodir etgan 135 nafar shaxs orasida 3 nafar ayol, 40 nafar yoshlarning borligi juda achinarli. Bundan tashqari, ushbu turdagi jinoyatlari uchun muqaddam sudlangan, belgilangan tartibda jazo olgan bo‘lsa-da, 12 nafar shaxs bundan o‘ziga xulosa qilmay, yana shu yo‘lga kirgan.
Kattaqo‘rg‘onlik D.Yadgorov ana shunday kimsalardan chiqib qoldi. U avval ham giyohvandlik vositalari bilan qonunga xilof ravishda muomala qilgani uchun bir necha bor sudlangan. So‘nggi bor belgilangan jazodan muddatidan oldin shartli ozod qilingan ham. Afsuski, D.Yadgorov bu bag‘rikenglik, kechirimlilikni imtiyoz deb tushundimi, yana giyohand moddalarni qonunga xilof ravishda saqlash bilan shug‘ullandi. Bu gal endi jazo ham qat’iy bo‘ladi.
Bundan tashqari, “Qoradori-2020” keng qamrovli tadbirining joriy yil 1 maydan 30 iyunga qadar o‘tkazilgan birinchi bosqichida viloyat IIB tomonidan hududda narkotik moddalar bilan bog‘liq 81 holat aniqlangan. Ushbu holatlarning 34 tasi tarkibida giyohvand moddalar bo‘lgan o‘simliklarni ekish bilan bog‘liq. Jinoyatchilardan 1 kilogramm 489 gramm giyohvandlik moddalari daliliy ashyo sifatida olingan.