Samarqandda zamonaviy avtovokzal foydalanishga topshirildi

Ochilish marosimida viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Keyingi yillarda viloyatimizda jamoat transportiga bo‘lgan talab va ehtiyoj ortib bormoqda.
Bu jarayon o‘z navbatida, yo‘lovchilarga ko‘rsatilayotgan transport xizmatlari sifatini oshirish, infratuzilmani zamonaviy talablarga moslashtirish va aholiga yanada qulay sharoitlar yaratishni taqozo etmoqda. Shu maqsadda viloyatda keng ko‘lamli transport loyihalari amalga oshirilmoqda.
Shunday loyihalardan biri - Samarqand shahrining Cho‘pon ota hududida davlat-xususiy sheriklik asosida barpo etilgan yangi "Samarqand avtovokzali" foydalanishga topshirildi.
Ushbu loyiha umumiy maydoni 4,6 gektar bo‘lgan hududda tadbirkor tashabbusi va mablag‘lari hisobidan amalga oshirildi. Qurilish ishlari uchun 12 million AQSh dollari miqdorida mablag‘ yo‘naltirildi. Yangi avtovokzal zamonaviy arxitektura, energiya tejamkor yechimlar va xavfsizlik standartlari asosida qurildi.
Bu yerda yo‘lovchilar uchun barcha qulayliklar yaratildi. Keng va yorug‘ kutish zali, ona va bola xonasi, bolalar maydonchasi, tibbiyot xonasi, elektron tablolar orqali qatnovlar jadvalini ko‘rsatish, imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun maxsus panduslar va yo‘laklar, avtobus, mikroavtobus va yo‘nalishsiz taksilar uchun alohida kutish maydonlari, haydovchilar dam olish xonasi, avtotransportni texnik ko‘rikdan o‘tkazish xizmati, 24 soat ishlovchi videokuzatuv tizimi shular jumlasidandir.
Avtovokzal nafaqat transport markazi, balki keng ko‘lamli xizmat ko‘rsatish va savdo hududi sifatida ham faoliyat yuritadi. Bu yerda 120 ta savdo do‘koni, 3 ta zamonaviy restoran, 14 ta servis shoxobchasi, 1 ta avtosalon, 2 ta mehmonxona joylashgan.
Yangi avtovokzalning ishga tushirilishi natijasida 300 ta ish o‘rinlari yaratildi.
Loyihaning amalga oshirilishi viloyatda transport xizmatlari sifatini yangi bosqichga olib chiqadi, shaharlararo va viloyatlararo qatnovlarning samaradorligini oshiradi, aholining vaqt va xarajatlarini tejashga xizmat qiladi.
Viloyat rahbari va mehmonlar avtovokzalda yo‘lovchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Ochilish marosimi doirasida madaniy dastur tashkil etildi. Unda viloyatimiz va poytaxtdan kelgan san’tkorlar kuy-qo‘shiqlari bilan tadbir qatnashchilariga ko‘tarinkilik ulashdi.
Baxtiyor Mustanov.