Samarqanddagi svetoforlar qachon mutanosib ishlaydi?
Chorrahalarda o‘rnatilgan svetoforlar mashinalarning harakatlanish oqimiga mutanosib holda ishlaydigan qilib o‘rnatilmasa, yo‘llarda tirbandliklar ko‘payadi. Agar mutanosib holda ishlasa, biroz bo‘lsa ham tirbandliklarni kamayishiga sabab bo‘ladi.
Samarqand shahri va viloyatidagi aksariyat svetoforlar ko‘chada harakatlanayotgan mashinalarning harakatlanish oqimiga mutanosib holda ishlaydigan qilib o‘rnatilmagan. Bu esa o‘sha svetoforlar o‘rnatilgan chorrahalarda, mashinalarning turib qolishiga va ko‘chalarda tirbandliklar yuz berishiga sabab bo‘layapti. Masalan, Samarqand shahridagi Panjikent ko‘chasida Registondan Toshkent-Termiz yo‘liga chiqishgacha bir nechta svetofor bo‘lib, ularning 1-2 tasi faqat piyodalar uchun o‘rnatilgan. Qolganlarida katta-kichik chorrahalar bor. Bu chorrahalarda Panjikent ko‘chasi asosiy yo‘l va bu ko‘cha juda serqatnov hisoblanadi.
Chorrahalardagi ikkinchi darajali yo‘llar asosan mahallalarga kiradigan tor ko‘chalardir. Svetoforlarning aksariyati juda serqatnov bo‘lgan Panjikent ko‘chasida ham, mahallaga kiradigan tor ko‘chada ham yashil va qizil chiroq bir xil, 20 sekunddan yonadigan qilib qo‘yilgan. Buning oqibatida asosiy yo‘l bo‘lmish Panjikent ko‘chasida doim tirbandliklar yuzaga kelyapti. Mahalladan chiqadigan ko‘chalarda 20 sekund yashil va 20 sekund qizil yongani bilan, u kichik ko‘chalarda mashinalar qatnovi yo‘q hisobi. Ana shu holatda asosiy yo‘ldagi svetoforni 30 sekund yashil, 15 sekund qizil yonadigan qilib, narigi, mahallaga kirib-chiqadigan tor ko‘cha tarafdagi svetoforni 15 sekund yashil, 30 sekund qizil yonadigan qilinsa maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
Samarqand-Toyloq-Urgut yo‘nalishi bo‘ylab o‘z harakatimizni davom ettiramiz. Toyloq shaharchasiga kirishda, Samarqand-Ayniy xalqaro yo‘lida o‘rnatilgan svetoforda ham ahvol shu, har ikki tarafga teng yonadi. Bu joyda chorraha ham yo‘q. Asosiy yo‘ldan faqat bir tarafga bitta yo‘l kiradi, xolos.
Toyloq shaharchasidan chiqish joyida ham xuddi shunday asosiy yo‘l bilan faqat bir tomonlama kesishadigan yo‘l bor. U yerda o‘rnatilgan svetofor ham teng yonadi. Buning natijasida asosiy yo‘l hisoblanmish Samarqand-Ayniy yo‘lida mashinalar tirband bo‘lib, haydovchilar oshiqcha turib qolayapti.
Urgut shahriga kirgandan so‘ng birinchi svetofor tuman tibbiyot birlashmasi oldida o‘rnatilgan. Bu yerda kichik chorrahacha bor. Svetofordan bir tarafga kirilsa, tuman tibbiyot birlashmasiga boriladi. Ikkinchi tarafga esa Urgut shahridagi mahallalardan biriga kiriladi. Ana shu joyda garchi har ikki tarafda avtomashinalar harakatlanish oqimi teng bo‘lmasa ham svetoforning yashil va qizil chiroqlari har ikki tarafga teng yonadigan qilib o‘rnatilgan. Buning natijasida esa Urgut shahrining asosiy shoh ko‘chasida tirbandlik yuzaga kelayapti. Unga yondosh kichik ko‘chalarda esa harakatlanish oqimi uncha katta emas va 1-2 ta mashina chiqib keladi, xolos. Shu sababli ham Toyloq va Urgut shahridagi svetoforlarni asosiy yo‘lni 30 sekund, ikkinchi darajali yo‘lni esa 15 sekund yashil yonadigan qilib qo‘yilsa maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Urgut shahridagi yana bir svetofor IIB binosi oldida o‘rnatilgan. Bu yerda ham kichik chorraha bor. Asosiy yo‘ldan chapga IIB hovlisi va avtoturargohiga, o‘ng tarafga esa Urgut erkin iqtisodiy zonasiga kiriladi. Tabiiyki, asosiy yo‘lda qizil chiroq yoniq turganda IIB avtoturargohi tomonidan ham, erkin iqtisodiy zonaga kiradigan ko‘chada ham oshiqcha mashina bo‘lmaydi. Shu sababli bu svetoforni ham asosiy yo‘lda 30 sekund, ikkinchi darajali yo‘lda 15 sekund yonadigan qilib o‘zgartirish kerak.
Shu o‘rinda YPX xodimlari bir masalada e’tiroz bildirishlari mumkin. Svetoforlar nafaqat mashinalar harakatlanish oqimini, balki piyodalarning harakatlanishini ham tartibga soladi. Shu tufayli ular "svetoforlar o‘rnatilib, sozlab qo‘yilayotgan paytda chorrahadagi piyodalar yo‘lakchasidan harakatlanishni boshlagan piyodaning narigi tarafga o‘tib olishi ham inobatga olinadi", deyishlari mumkin. Aynan tadqiqotimda buni ham inobatga olganman. Yuqorida eng birinchi yozilgan Samarqand shahridagi Panjikent ko‘chasi ancha tor va bu yo‘lning asosiy qismi ikkita polosadan iborat. Shu tufayli ham ushbu ko‘chani kesib o‘tayotgan piyoda uni 15 sekundda bemalol kesib o‘ta oladi. Bu muammo nafaqat Samarqand shahri va viloyatida, balki mamlakatimizning boshqa hududlarida o‘rnatilgan svetoforlarga xos muammodir. Ishonaman, IIV, YHXBB, uning turli viloyatlardagi boshqarmalari, jumladan, Samarqand viloyat IIB, YHXB ushbu muammoga yetarlicha e’tibor beradi.
G‘ayrat Yo‘ldosh.