Samarqanddagi to‘rtta sport maktabi sport turlariga ixtisoslashtirildi

Prezidentning 2024 yil 18 dekabrdagi “Yoshlarning sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, 2025/2026 o‘quv yilidan sport maktablarini sport turlariga ixtisoslashtirish amaliyotini joriy etish belgilangan edi.

Xo‘sh, viloyatdagi qaysi sport maktablari sport turlariga ixtisoslashtirilmoqda, bu amaliyot joriy etilsa, tizimda qanday o‘zgarishlar bo‘ladi? Bu haqda viloyat sport boshqarmasi ixtisoslashgan sport maktablari bilan ishlash shu’basi boshlig‘i, pedagogika fanlari nomzodi Bahodir Berdiqulovdan javob oldik.

- Prezident qarori asosida ilk marta viloyatning to‘rtta - Samarqand shahridagi 2-son sport maktabi futbolga, Oqdaryo tumanidagi sport maktabi yunon-rum kurashi sport turlariga, Past Darg‘om tumanidagi 2-son sport maktabi dzyudoga va Paxtachi tumanidagi sport maktabi badiy gimnastika sport turlariga ixtisoslashtirildi, - deydi B.Berdiqulov. – Bunda sport turlari rivojlangan, shug‘ullanish uchun qulay sharoit yaratilgan hududlar hamda mamlakat va xalqaro chempionatlarda yaxshi natijalarni qo‘lga kiritib kelayotgan sportchi va trenerlarning natijasi hisobga olindi. Oldin sportchilar o‘z hududidagi sport maktabida qaysidir sport turi bilan shug‘ullanish uchun sharoit bo‘lmasa, boshqa tuman yoki shahardagi sport maktabida shug‘ullanishning imkoni yo‘q edi. Endi esa ixtisoslashgan sport maktablarida 2025-2026 o‘quv yilidan viloyatning boshqa tuman (shahar)laridagi sportchilar ham shug‘ullanishi mumkin.

Viloyat sport boshqarmasi mas’ulining ta’kidlashicha, ixtisoslashgan sport maktablarida sportchilar uchun qulay sharoit yaratish va terma jamoaga iqtidorli sportchilarni jalb qilish maqsadida keyingi yillarda qo‘shimcha binolar, yotoqxona va oshxonalar ham qurilishi rejalashtirilmoqda.

Aytish joizki, ayni paytda O‘zbekiston milliy terma jamoasining asosiy tarkibiga 949 nafar, zaxira tarkibiga 472 nafar samarqandlik sportchi qabul qilingan. Bu terma jamoa sportchilarining qariyb 10 foizini tashkil etadi. Sport maktablarini sport turlariga ixtisoslashtirish amaliyoti orqali shug‘ullanuvchilar va terma jamoa sportchilari soni yanada ko‘payadi. Murabbiylar ham ixtisoslashgan sport maktablariga seleksiya qilinadi.

Fazliddin Ro‘ziboyev.