Samarqanddagi turizm markazining AKT tizimlarida muammolar yo‘qmi?
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov Samarqand shahrida tashkil etilayotgan turizm markazida telekommunikatsiya infratuzilmasini tashkil etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Samarqand turizm markazi hududi mobil aloqa va mobil internet xizmatlari bilan qamrab olinib, hozirga qadar shu maqsadda 35 metrli 4 ta antenna-machta inshootlari o‘rnatildi.
Qurilayotgan markaz turistik xabga aylanib, bu yerda xalqaro anjumanlar o‘tkazish uchun ham keng sharoit yaratiladi.
Aholi va mehmonlarga qulaylik yaratish uchun markazda axborot kommunikatsiya va raqamli texnologiyalarni keng joriy etish doirasida AKT vazirligi tomonidan qator ishlar amalga oshirilyapti. Jumladan, ob’yektlar yuqori tezlikdagi uzluksiz internet va to‘g‘ridan-to‘g‘ri xalqaro telefon aloqasi bilan ta’minlandi. Shu bilan birga, Samarqand turizm markazigacha bo‘lgan 5 kilometr masofada aloqa tarmoqlarini qurish ishlari bajarildi.
Markaz kompyuter va nusxa ko‘chirish uskunalari, proyektorlar va ekranlar, shuningdek, zarur boshqa maxsus uskunalar, ommaviy axborot vositalari vakillari uchun kompyuterlar, Wi-Fi va boshqa zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlangan. Shuningdek, Samarqand shahrida 42,8 kilometr aloqa liniyalarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari to‘liq yakunlangan.
Vazir hududda qurilayotgan ko‘p qavatli binolarning ichki qismini mobil aloqa va mobil internet xizmatlari bilan qamrab olish bo‘yicha Active DAC texnologiyasidagi ichki kam quvvatli mobil aloqa baza stansiyalarini montaj qilish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar, shuningdek, hududdagi yig‘ilishlar zalida tashkil etilgan server xonalari, «Xavfsiz shahar» yo‘nalishi bo‘yicha tashkil etilayotgan vaziyatlar markazi (situation center) binosining qurilishida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Vazirlik Samarqand turizm markazida telekommunikatsiya infratuzilmasi va AKT tizimlarini ishga tushirish ishlarini sifatli yakunlash bo‘yicha ishchi guruh tashkil etdi.
Shuningdek, AKT vaziri Sh.Shermatov mazkur turizm markazida 5G tarmog‘i sinovdan o‘tkazilayotganini ta’kidladi.
Markazda 24-27 oktyabr kunlari Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligini o‘tkazish rejalashtirilgan.