“Samarqandiyona ensiklopediyasi” taqdimoti o‘tkazildi

Samarqand shahrida “Samarqand: madaniyatlararo muloqot makonida shahar qiyofasi. Xorijiy Samarqandiyona ensiklopediyasi” nomli kitob taqdimoti hamda “Jahon ichra Samarqand” mavzusida tayyorlangan ko‘rgazma tashkil etildi.

Samarqand xalqaro texnologiya universiteti tashabbusi bilan o‘tkazilgan tadbirda universitet rektori Yu.Abdullayev mazkur ensiklopediyaning yaratilish tarixiga to‘xtaldi, kitobni tayyorlashda yaqindan ko‘mak bergan Anatoliy va Vladimir Ionesovlar xizmatini e’tirof etdi.

Mazkur ensiklopediya qayta ishlangan va kengaytirilgan ikkinchi nashr ekanligi, ilmiy axborot nashr hisoblangani, 2014 yilda Samarada chop etilgan avvalgi nashrga qo‘shimcha yangi ma’lumotlar, fakt va raqamlar boyitilgani ta’kidlandi. Jumladan, nashrga 10 tilda qisqacha tavsif berilgan bo‘lib, u Sharq tarixi va madaniyati, xalq diplomatiyasi, mintaqashunoslik, madaniyatlararo muloqot va xalqaro hamkorlik masalalariga qiziqadigan keng omma uchun mo‘ljallangan.

Kitobda “Xorijiy Samarqandiyona madaniyati” so‘zi ilk bor ishlatilgani aytildi. Eng muhimi, bu kitob turizm va madaniy meros sohasi mutaxassislari, muzey xodimlari va tarjimon-ekskursovodlarga foydali qo‘llanma vazifasini bajarishi bilan ahamiyatli. 

Shuningdek, uchrashuvda so‘z olgan Oliy Majlis Senati a’zosi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist F.Toshev mazkur qo‘llanmaning yaratilgani Samarqand tarixi uchun ham muhim manba ekani ta’kidladi.

Tadbir davomida universitetga taklif etilgan xorijlik mutaxassislar, xususan, Janubiy Afrikadan kelgan professor Annamariye Basson, AQShdan kelgan professor Jessi Tomburg, Shvetsiyadan taklif etilgan professor Adam Kameron hamda Polshadan kelgan professor Dorota Selviya kelgusida yangi loyihalarni amalga oshirishi, ko‘plab professional kadrlar tayyorlashini bildirdi.

Tadbirda universitet tomonidan Alisher Navoiyga bag‘ishlangan “Shoirga toj”, Mirzo Ulug‘bekning “Ziji Ko‘ragoniy” asari ingliz, xitoy, rus tillarida chop etilgan kitobi hamda Edvard Rtveladzening “Buyuk Ipak yo‘li” kitobi haqida ham so‘z yuritildi.

Husan Eltoyev.