Samarqandlik 29 nafar ingliz tili fani o‘qituvchisi amerikaning ESN loyihasida qatnashmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi hamda Amerikaning English Speaking Nation: Secondary Teacher Training (Ingliz tilida so‘zlashadigan millat: o‘rta maktab o‘qituvchilarining malakasini oshirish) loyihasi doirasida mamlakatimiz umumta’lim maktablarining ingliz tili fani o‘qituvchilarining bilim va mahoratini oshirishga imkon yaratilgan.

Joriy yilning 26-27 oktyabr kunlari ESN:STT loyihasi rahbarlari Samarqandda bo‘lib, viloyatimizdagi maktablarning ingliz tili fani o‘qituvchilari o‘rtasida ushbu loyihani keng targ‘ib etdi.

ESN:STT Xalq ta’limi vazirligi, viloyat malaka oshirish markazlari va boshqa tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda XXI asr global iqtisodiyoti davriga hamnafas, til ko‘nikmalari va vositalariga ega, o‘ziga ishongan ingliz tili fani o‘qituvchilari jamoasini yaratish uchun faoliyat yuritadi.

Dastur uch bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda TESOL Xalqaro uyushmasi (TESOL) va Jorj Meyson universiteti (GMU) tomonidan olib boriladigan intensiv o‘quv dasturida qatnashish uchun har biri 40-45 nafar umumta’lim maktablarining ingliz tili fani o‘qituvchilaridan iborat ikkita guruh tanlab olinadi.

Har bir guruh TESOLning 140 soatlik, jumladan, O‘zbekiston umumta’lim maktablarida 20 soatlik majburiy amaliyot o‘tashni o‘z ichiga olgan asosiy sertifikat dasturida ishtirok etadi. Seminar amaliyotlari mamlakatimiz umumta’lim maktablarida TESOL hamda Jorj Meyson universiteti tomonidan ikki hafta davomida olib boriladi.

To‘liq o‘quv kursini tugatgandan so‘ng nomzodlar TESOL asosiy sertifikatiga ega bo‘ladi va O‘zbekistonning asosiy o‘qituvchi-trenerlari jamoasiga kiritiladi. Eng kuchli o‘qituvchi-trenerlar ESNning mahoratli trenerlari bo‘lishi uchun qo‘shimcha treninglarda qatnashishi va TESOLning 140 soatlik asosiy sertifikat dasturini o‘z kasbdoshlariga yetkazishi mumkin.

Ikkinchi bosqichda asosiy o‘qituvchi-trenerlar (CT) Trenerlarni tayyorlash institutida 10-12 hududdagi kasbdosh mentorlar (RPM) guruhiga trening o‘tkazadi va ularga mentorlik qiladi.

Uchinchi bosqichda CTlar trenerligi va rahbarligi ostida RPMlar bir yil davomida 10 nafar maktab o‘qituvchilarini o‘qitib, ularga trenerlik qiladi. Shu tarzda uchinchi yil yakuniga qadar 15000 nafar o‘qituvchilarni o‘qitishga erishiladi.

Dastur doirasida eng yaxshi 300 nafar RPMlar ESNning mahoratli trenerlari tomonidan o‘qitiladi va TESOL asosiy sertifikatini olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shu asosda ular O‘zbekistonning eng nufuzli asosiy o‘qituvchi-trenerlari jamoasiga a’zo bo‘lish imkoniga ega bo‘ladi. Asosiy o‘qituvchi-trenerlar jamoa trenerlarining ish rejalari va o‘quv materiallarini ishlab chiqadi. Ular Xalq ta’limi vazirligiga o‘qituvchilar malakasini oshirish kurslarini o‘tkazish uchun tavsiya qilinadi. CTlar va RPMlar 2022 yil O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan Mintaqaviy TESOL konferensiyasida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Darhaqiqat, Samarqand viloyatidagi maktablarning 164 nafar ingliz tili fani o‘qituvchilari ushbu loyihaning saralashida ishtirok etdi. Ularning 29 nafari belgilangan talablar asosida keyingi bosqichga o‘tdi.

Zarifa IBODULLOYeVA,

viloyat xalq ta’limi boshqarmasi chet tili fanlari metodisti.