Samarqandlik atletlarimiz o‘n ikki medalga ega chiqdi

Samarqand ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatining to‘rt nafar og‘ir atletikachisi yaqinda Shimoliy Koreyaning Pxenyan shahrida o‘tkazilgan og‘ir atletika bo‘yicha o‘smirlar va kattalar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida g‘alaba qozondi.

Jumladan, Doniyor Hamidov bellashuvning dast va siltab ko‘tarish yo‘nalishida 3 ta oltin va 1 ta bronzani qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Azimjon Hojiyev musobaqada 3 oltinga ega chiqdi. Og‘abek To‘xtayev 1 tadan oltin, kumush va bronza medallari bilan taqdirlandi. Hojiakbar Olimov 2 ta bronza medalini olib keldi.

Bugun chempionlarni tabriklash uchun maktab-internatida tadbir tashkil etildi. Unda sport faxriylari, g‘olib bo‘lgan sportchilar ota-onalari, maktab-internati tarbiyalanuvchilari qatnashib ularni musobaqa jarayonlari bilan o‘rtoqlashdi.

– Sportchilarimizning yutug‘i keyingi paytdagi eng kattasi bo‘ldi, – deydi viloyat og‘ir atletika federatsiyasi ijrochi direktori G‘ayrat Tolibov. – Eng muhimi, bu g‘alaba shogirdlarimizga 2020 yil Tokioda bo‘lib o‘tadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya o‘yinlariga yo‘llanmani qo‘lga kiritish uchun reyting ballarini beradi. Tadbir yakunida maktab-internat ma’muriyati tomonidan o‘qituvchi va murabbiylarga tashakkurnomalar berildi.

Husan ELTOYeV.