Og‘ir atletika: Jamila Panfilova jahon chempionatining bronza medalini qo‘lga kiritdi

Ayni kunlarda Gretsiyaning Iraklion shahrida og‘ir atletika bo‘yicha yoshlar o‘rtasida jahon chempionati o‘tkazilayotgani haqida xabar bergan edik. Chempionat mamlakatimiz sportchilari uchun omadli boshlandi.

Dunyoning 61 ta davlati vakillari orasida 55 kilogramm og‘irlikdagi bahslarda hamyurtimiz Jamila Panfilova o‘z salohiyatini namoyish qildi. U ishtiroki mobaynida ikkita medalga ega chiqdi.

U dast ko‘tarish bahsida 86 kilogramm natija qayd etib, bronza medalini qo‘lga kiritdi. Ahamiyatlisi, bu Panfilovaga ikki kurashdagi medallar uchun bahsda katta zaxira bo‘ldi. Siltab ko‘tarish mashqida 100 kilogramm toshni bo‘ysundirgan polvon qizimiz ushbu yo‘nalishda oltinchi natijani qayd etgan bo‘lsa-da ikki kurashda bronza medaliga sazovor bo‘ldi.

Ushbu og‘irlikda belgiyalik Nina Sterkx 204 (93+111) kilogramm natija bilan oltin medalga sazovor bo‘ldi. Kumush medal ukrainalik Svetlana Samulyakka 192 (89+103) nasib etdi.