Jahon chempioni Sharofiddin Amriddinovga viloyat hokimining tashakkurnomasi va esdalik sovg‘alari topshirildi

Xabar berganimizdek, Bahraynning Manama shahrida kattalar o‘rtasida o‘tkazilgan og‘ir atletika bo‘yicha jahon chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritgan toyloqlik sportchi Sharofiddin Amriddinov Samarqandda tantanali kutib olindi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda viloyat va tuman hokimligi mas’ullari, sportchilar, chempionning oila a’zolari ishtirok etdi.

Toyloq tumanidagi Shopo‘lat mahallasida o‘tkazilgan tadbirda viloyat sport boshqarmasi boshlig‘i Sh.Ro‘ziyev chempion va uning ustozi, ota-onasiga viloyat hokimining tashakkurnomasi va qimmatbaho sovg‘alarini topshirdi.

Sharofiddin Amriddinov jahon chempionatida -109 kilogramm vazn toifasida  dast ko‘tarish mashqida 184 kilogramlik toshni bo‘ysundirib, jahon chemponligini tantana qildi. Shuningdek, siltab ko‘tarishda 212 kilogramm bilan oltinchi, umumiy hisobda esa 396 kilogramm toshni ko‘tarib, reytingda beshinchi bo‘ldi.

Shuningdo‘ek, Sharofiddin faoliyati davomida yoshlar o‘rtasida jahon chempioni, uch karra Osiyo chempioni, Islom birdamligi o‘yinlari, xalqaro musobaqalar g‘olib va sovrindori bo‘lgan.

- Jahon chempionatida yurtimiz sharafini munosib himoya qilganimdan va og‘ir atletika bo‘yicha kattalar o‘rtasida samarqandlik ilk jahon chempioni bo‘lganimdan xursandman, - deydi Sharofiddin. – Ushbu g‘alaba nafaqat meniki, balki oila a’zolarim va ustozlarimniki ham. Endi 2028 yilda Los-Anjeles shahrida o‘tkaziladigan Olimpiya o‘yinlarida chempion bo‘lishni maqsad qilib qo‘ydim. Buning uchun hozirdan jiddiy tayyorgarlikni boshlayman.

Fazliddin Ro‘ziboyev.