Samarqandlik fuqaro qo‘li bilan bergan qarzni sud orqali undirdi

Q.Tursunov sudga murojaat qilib, 2019 yil 20 noyabrda M.Usmonovaga 2019 yil 20 dekabrga qadar qaytarib berish sharti bilan 1200 dollar pulni qarzga berganligini, biroq u shu vaqtga qadar pullarini bermasdan, sarson-sargardon qilib kelayotganligini bildirgan. Shuningdek, javobgar undan qarz olganligi haqida o‘z qo‘li bilan tilxat yozib berganligini qayd qilib, M.Usmonovadan 1200 dollarni milliy valyuta - so‘mga hisoblab, undirib berishni so‘ragan.

Sud majlisida X.Usmonova so‘ralgan da’vo talabini qisman tan olib, haqiqatdan ham Q.Tursunovdan 1200 dollar pulni qarzga olganligini, keyinchalik 400 dollarini qaytarib berganligini bayon qilgan. U sharoiti bo‘lmaganligi sababli qolgan qarzini qaytarishning iloji bo‘lmaganligini, 800 dollarni biroz muddatda qaytarishini bildirgan.

Bayon qilinganlarni Q.Tursunov ham tasdiqlab, qolgan 800 dollar qarzini undirib berishni so‘ragan.

Fuqarolik kodeksining 732-moddasi talabiga ko‘ra, qarz shartnomasi pul yoki ashyolar topshirilgan paytdan boshlab tuzilgan hisoblanadi.

Kodeksining 733-moddasi 3-qismiga ko‘ra, agar qarz oluvchining tilxati mavjud bo‘lsa, qarz shartnomasi yozma shaklda tuzilgan hisoblanadi.

Kodeksning 735-moddasi talabiga ko‘ra esa qarz oluvchi olingan qarz so‘mmasini qarz shartnomasida nazarda tutilgan muddatda va tartibda qarz beruvchiga qaytarishi shart.

Sud ish holatlari va yuqoridagi qonun talablaridan kelib chiqqan holda sud majlisi bo‘lib o‘tgan kunda 1 AQSh dollarining so‘mga nisbatan qiymati 10129,56 so‘mni tashkil qilishini inobatga olib, javobgar M.Usmonovadan da’vogar Q.Tursunovning foydasiga 8 million 103 ming 648 so‘m (800 $ x 10129,56 so‘m = 8.103.648) so‘m qarzni hamda sudga da’vo kiritishda oldindan to‘langan davlat boji uchun 456 ming so‘m va 16 ming so‘m pochta xarajatini undirib berishni lozim topdi.

Sherjahon ZAYNIDDINOV,

fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudi sudya katta yordamchisi.