Samarqandlik san’atkorlar “II Xalqaro maqom san’ati anjumani”da ishtirok etmoqda
Jizzax viloyatining Zomin tumanida YuNESKO va AYSESKO shafeligi ostida “II Xalqaro maqom san’ati anjumani” o‘tkazilmoqda.
O‘zbekistonda ikkinchi marta o‘tkazilayotgan anjumanda 80 ga yaqin davlatdan 400 nafardan ortiq ishtirokchi qatnashmoqda. Ular orasida viloyatimizdan 100 nafarga yaqin maqom san’ati vakillari, ansambl jamoalari, hunarmandlar va soha mas’ullari ishtirok etyapti.
- Zomin anjumanida jamoamiz xonanda va sozandalari maqom san’atining o‘lmas mumtoz navolarini ijro etib, ko‘rik-tanlovlarda qatnashyapti - deydi O‘zbek milliy maqom san’ati markazi viloyat hududiy bo‘limi direktori Abdunabi To‘xtayev. – Asosiysi, tadbirda milliy maqom san’atimizni targ‘ib qilib, yangi maqom kuylarini o‘rganyapmiz va xorijlik hamkasblar bilan tajriba almashilyapti. Shuningdek, ishtirokchilar “Eng yaxshi maqom ansambli”, “Eng yaxshi yakkaxon cholg‘u ijrochisi” va “Eng yaxshi yakkaxon xonanda” nominatsiyalari bo‘yicha tanlovda ishtirok etmoqda. Anjumanga yaxshi tayyorgarlik ko‘rganmiz, nasib qilsa, natija ham shunga yarasha bo‘ladi.
Anjuman 30 iyunga qadar davom etadi. Tadbir doirasida xalqaro musiqa yarmarkasi, maqom san’atiga oid turli ko‘rgazmalar, jumladan, milliy sozlar va liboslar, hunarmandchilik buyumlari, tasviriy va amaliy san’at asarlari, haykaltaroshlik namunalari, badiiy va hujjatli filmlar, audio va video disklar, kitoblar, fotosuratlar namoyishi hamda yarmarkalari tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.