Samarqandlik saylovchilar deputat bilan kelgan mas’ulning javobidan qoniqmadi
Mas’ullar shuningdek, beton ustunlar yetkazib beruvchi korxonadan shahar elektr tarmoqlari korxonasi 7 milliard so‘m qarzdorligi ma’lum qilindi.
Bu voqelik xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Aziz Axrorovning Samarqand shahridagi So‘zangaron, Abdulla Qahhor, G‘ofur G‘ulom va Bog‘i Feruza mahallasi saylovchilari bilan uchrashuvda kuzatildi.
Muloqotda shahar elektr tarmoqlari korxonasi, gaz ta’minoti bo‘limi, obodonlashtirish boshqarmasi, “Suvoqova” DUK filiali hamda IIOFMB yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limi xodimlari ham ishtirok etdi.
Samarqand shahar 3-tug‘ruqhona yonidagi Andijon va Amir Shohmurod ko‘chalari kesishmasiga svetofor o‘rnatish yuzasidan qilingan murojaatga IIOFMB YHXB boshlig‘i o‘rinbosari Azamat Nabiyev bu ish kelgusi yil 2-choragiga qadar amalga oshirilishi belgilanganligini ma’lum qildi.
G‘afur G‘ulom mahallasi hududidagi yaroqsiz holatga kelgan 170 ta simyog‘ochni beton ustunlarga almashtirish masalasi bo‘yicha shahar elektr tarmoqlari korxonasi xodimi Xolboy Xolmatov quyidagicha izoh berdi:
- Samarqand shahrida bunday ustunlar Qashqadaryo viloyatidan olib kelinadi. Bugungi kunda ta’minotchi korxonadan 7 milliard so‘m qarzdorlik yuzaga kelgan. Samarqand shahrining Xishrav qo‘rg‘onida beton simyog‘ochlar ishlab chiqarish zavodini ishga tushirish rejalashtirilgan. Zavod ishga tushsa, muammolar o‘z yechimini topadi.
Gaz bosimining pastligidan qilingan shikoyatga shahar gazta’minoti bo‘limi xodimi G‘ofur Yuldoshev tomonidan berilgan javobdan aholi va deputat qoniqmadi.
Yana bir murojaatda bildirilishicha, Abdulla Qahhor mahallasining Hamza ko‘chasida suv yo‘li xususiy korxona tomonidan sun’iy ravishda to‘sib qo‘yilganligi hamda irrigatsiya tizimi ariq va quvurlari turli chiqindilar bilan to‘lib qolishi oqibatida yog‘ingarchilik mavsumlarida o‘nlab xonadonlarni suv bosadi. Ushbu masala deputat tomonidan mahalla faollari, shahar obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Anvar Saidov ishtirokida joyiga chiqib o‘rganildi.
Uchrashuvda saylovchilar tomonidan ko‘tarilgan barcha muammolar yuzasidan mutasaddi tashkilotlarga deputatlik so‘rovi yuborilib, ijrosi nazoratga olinadigan bo‘ldi.
O‘zLiDeP viloyat kengashi axborot xizmati.