Samarqandlik yigitlar tengdoshini “Tik-Tok”ga qo‘yish bilan qo‘rqitdi
Ularning harakati tovlamachilik sifatida baholanmoqda.
8 aprel kuni fuqaro 25 yoshli M.Maqsud Samarqand shahar IIBga ariza bilan murojaat qilib, 5 aprel kuni 26 yoshli U.Muhiddin uni aldov yo‘li bilan Samarqand tumani Bo‘zi mahallasi hududidagi qarovsiz joyga olib borib, u yerda unga tazyiq o‘tkazib, narxi 2 million 200 ming so‘mlik “SAMSUNG S-20A” rusumli, narxi 1 million 500 ming so‘mlik “SAMSUNG” rusumli telefon apparatlarini hamda 200 AQSh dollari va 112 ming so‘m pulini ochiqdan-ochiq talon-toroj qilganini bildirgan.
Ma’lum bo‘lishicha, ushbu holat 25 yoshli B.Sherzod tomonidan videotasvirga olinib, videotasvirni “Tik-Tok” ijtimoiy tarmog‘iga chiqarib, sharmanda qilish yo‘li bilan qo‘rqitib, ikki dona telefon apparatini qaytarib olishi uchun 5 million so‘m pul berishini talab qilgan.
Murojaat asosida shu kuni Samarqand shahri Kaftarxona mahallasi hududida U.Muhiddin va B.Sherzodlar M.Maqsuddan tovlamachilik yo‘li bilan 400 AQSh dollari olayotgan vaqtida ushlangan.
Holat yuzasidan Samarqand shahri bo‘yicha IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan U.Muhiddin va B.Sherzodlarga nisbatan Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi “v” bandi (Tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Tergov harakatlari jarayonida jabrlanuvchi M.Maqsud U.Muhiddin ofitsiant bo‘lib ishlagan restoranda ovqatlanib, 1 million so‘m pullarni to‘lamasdan ketib qolganligi sababli U.Muhiddin ishdan bo‘shatilganligini qasdini olish maqsadida ushbu jinoyatni sodir qilganligi aniqlangan.
Hozirda tergov davom etmoqda.
IIV huzuridagi Tergov departamenti.