Samarqandlik yosh badmintonchilarimiz Xalqaro turnirda ishtirok etish uchun Xitoyga jo‘nab ketdi

Joriy yilning 29 iyul – 4 avgust kunlari Xitoyning Chendu shahrida yoshlar o‘rtasida badminton bo‘yicha Xalqaro o‘rtoqlik turniri bo‘lib o‘tadi. Xitoy Xalq Respublikasi Milliy badminton federatsiyasi va “Sun Chin Lin” fondi tomonidan tashkil etilgan turnirda o‘zbekistonlik 12 nafar yosh badmintonchilar ham ishtirok etishadi.

13 yoshgacha bo‘lgan maktab o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilayotgan xalqaro turnirda yoshlarimiz jahonning turli mamlakatlaridan tashrif buyurgan tengdoshlari bilan kuch sinashadi hamda o‘zaro tajriba almashish uchun bir qator o‘quv-mashg‘ulot seminarlarida ham qatnashadi.

Xitoyda badminton barcha yosh toifasidagi insonlar o‘rtasida keng ommalashib milliy sport turi darajasi yetgan. Ushbu sport turi bo‘yicha nufuzli musobaqalarda eng yaxshi natijalarni xitoylik sportchilar qayd etib kelishayotgani bejiz emas. Aynan shu sababli yurtimizda badminton sportini ommalashtirishda Xitoy tajribasini o‘rganish bo‘yicha hamkorlik qilinmoqda.