SamDChTI Saudiya Arabistoni universitetlari bilan hamkorlik qiladi

Bugun Samarqand davlat chet tillar institutiga Saudiya Arabistonining O‘zbekistondagi elchisi birinchi noibi Sulaymon al-Frix tashrif buyurdi.

Tashrif doirasida mehmon institut rektori I.To‘xtasinov, Misr Arab Respublikasidan kelib, institutda ko‘p yillardan buyon arab tili mutaxassisi sifatida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan Hashem Esmayel Hammam Ali bilan uchrashdi.

SamDChTI hamda oliygoh akademik litseyida arab tili yo‘nalishi tashkil etilgan bo‘lib, institutda ayni paytda 101 nafar bakalavr va 12 nafar magistrant tahsil olish bilan birga, siyosiy va ommaviy tadbirlarda tarjimon-volontyor sifatida ishtirok etib kelmoqda.

- Arab tilidan ta’lim berib kelayotgan Hashem Esmayel Hammam Ali yordamida akademik litseydagi arab tili yo‘nalishi o‘quvchilari uchun ham darslik va o‘quv adabiyotlarini yaratib, arab tilining o‘qitilishini yanada kengroq joriy qilamiz, - dedi uchrashuv chog‘ida institut rektori I.To‘xtasinov.

Sulaymon al-Frix O‘zbekiston Respublikasining ko‘plab oliy ta’lim muassasalarida arab tilining keng miqyosida o‘qitilayotganidan bag‘oyat mamnun ekanligi, Arabistonning ham ko‘plab oliy ta’lim muassasalarida o‘zbekistonlik talabalar arab tilidan tahsil olib, ikki tilning qiyosiy hamda tarixiy jihatlarini o‘rganayotganligini ma’lum qildi.

Uchrashuv yakunida institut bilan Madina shahridagi Islom universiteti, Makka shahridagi Umm Al-Qura universitetlari bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatish masalalari kelishib olindi.

Asilbek ABDURAIMOV.