SamDU professor-o‘qituvchilari sport turlari bo‘yicha musobaqalashdi

Samarqand davlat universiteti professor-o‘qituvchilari va ishchi-xodimlari o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish hamda jismoniy tarbiya va sportni targ‘ib qilish maqsadida shaxmat-shashka, stol tennisi, futbol musobaqalari o‘tkazildi.

“Koronavirusni sport orqali yengamiz!” shiori ostida bo‘lib o‘tgan musobaqalar qiziqarli va shiddatli kechdi. Ayniqsa, futbol musobaqasida 12 ta jamoa ishtirok etdi. Musobaqada jismoniy madaniyat fakulteti jamoasi 1-o‘rinni, fizika fakulteti jamoasi 2-o‘rinni, raqamli iqtisodiyot fakulteti jamoasi 3-o‘rinni egalladi.

Shuningdek, stol tennisi sport turi bo‘yicha 1-o‘rinni jismoniy madaniyat fakulteti dotsenti Orif Raupov, 2-o‘rinni pedagogika fakulteti o‘qituvchisi Muhayyo Vafoyeva, 3-o‘rinni pedagogika fakulteti o‘qituvchisi Lutfulla Norqulovlar qo‘lga kiritdi.

Shashka musobaqalarida 1-o‘rinni ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limi xodimi Normat Hasanov, 2-o‘rinni filologiya fakulteti o‘qituvchisi Ahmad Mavlonov, 3-o‘rinni pedagogika fakulteti o‘qituvchisi Hoshim Boymanovlar egalladi.

Shaxmatda esa 1-o‘ringa pedagogika fakulteti dotsenti Xoliqul Nazarov, 2-o‘ringa pedagogika fakulteti o‘qituvchisi Hoshim Boymanov, 3-o‘ringa jismoniy madaniyat fakulteti katta o‘qituvchisi Akbar Qurbonovlar munosib deb topildi.

Musobaqa g‘oliblari hamda faol ishtirokchilar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.