SamDU psixologiya va ijtimoiy fanlar fakulteti bu yil zamonaviy binoga ega bo‘ladi

“Talaba.uz” telegramida ism-sharifi ko‘rsatilmagan talabalar SamDUning psixologiya va ijtimoiy fanlar fakultetida o‘qish uchun shart-sharoit yomonligi haqida yozishdi. Haqiqatdan ham ikki oy muqaddam mazkur fakultet talabalari sonining keskin oshganligi sababli yangi binoga ko‘chirilgan edi.
Biz tashkiliy guruhimiz bilan talabalar yotoqxonasi uchun qurilgan va moslashtirilgan binodagi fakultetda bo‘lib, mavjud ahvol bilan yaqindan tanishdik. Ayni paytda bu yerda 1050 nafardan ziyod talaba o‘qimoqda. Auditoriyalarda isitish tizimi o‘rtacha. Havo haroratining sovuqligi bois tabiiy gaz bosimi pasaygan. Elektr ta’minotidan hech kim nolimadi. Ayrim o‘quv xonalarida yoritgich uskanalari to‘liq ishlamayotgan edi. Hozir ular yangisiga almashtirilgan.
Qayd etilganidek, ikkinchi qavatga chiqiladigan zina nochor holatda bo‘lgan. Bu borada ham qisman ta’mirlash ishlari bajarilgan. Stol-stullar, deraza oynalari yaroqlisiga almashtirilgan. Universitet mutasaddi rahbarlari bu muammmolarni qisqa muddatda hal etishga va’da berishdi.
Yana bir jihat, ayrim guruhlardagi talabalar bilan suhbatlashganimizda, hozirgi sharoitga to‘g‘ri baho berib, anonim (ism-sharifini ko‘rsatmay shikoyat yo‘llagan tengdoshlari borligiga ishonishmadi) xat yozganlarning fikrini ma’qullamadi. Ular shart-sharoitlar yaxshilanishidan umidvor.
Fakultet mas’ullarining aytishicha, 2019-2020 o‘quv yilida SamDU psixologiya va ijtimoiy fanlar fakultetida talabalar soni keskin ko‘paygan. Shu munosabat bilan ushbu fakultet Samarqand davlat universiteti tasarrufiga o‘tkazilgan Samarqand 1-pedagogika kolleji binosiga ko‘chirilgan. Joriy o‘quv yilida kollejni so‘nggi kurs o‘quvchilari bitiradi va bino to‘liq fakultet ixtiyoriga o‘tadi. Bundan tashqari, SamDU rahbariyati yil yakuniga qadar mazkur fakultetni zamonaviy o‘quv binosiga ko‘chirish choralarini ko‘radi.
SamDU matbuot xizmati.