SamVMI dunyoning to‘qsonga yaqin yetakchi, top-1000 talikdan joy olgan nufuzli OTMlari bilan ilmiy hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan
Atrofimizda yuz berayotgan voqea-hodisalarni kuzata turib, O‘zbekiston ilm-fan mamlakatiga aylanmoqda, deyish mumkin. Yangilanayotgan, ulkan islohotlar amalga oshirilayotgan yurtimizda ta’limga va ilm-fan rivoji, olimlarning mehnatiga katta umid bildirilayotgani va ularning faoliyati e’tirof etilayotgani shundan dalolatdir.
Bundan 3 yil muqaddam, Samarqand veterinariya meditsinasi instituti tashkil etilgan paytda Prezidentimiz va hukumatimiz tomonidan soha mutasaddilariga bir qancha talablar qo‘yilgandi. Mamlakatimiz uchun nisbatan yangi bo‘lgan oliy ta’lim maskani zamonaviy raqobatbardosh mutaxassis kadrlar tayyorlashga mas’ul va bu sohada yirik ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirishi kerak edi.
3 yil tarix uchun katta muddat emas, lekin institut jamoasi, professor-o‘qituvchilar, ilmiy tadqiqotchilar, talaba-yoshlar bu davrda samarali mehnat qilib, ayrim yutuqlarni qo‘lga kiritdi.
Shu davrga qadar respublikamizda veterinariya va chorvachilik sohasiga ixtisoslashgan alohida oliy o‘quv yurti bo‘lmagan, tarixiy zarurat, talab va ehtiyoj sabab, Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan oliy ta’lim muassasasi tashkil etildi va qisqa muddat ichida uning ilmiy salohiyati 36 foizga yetdi.
Institut bugun dunyoning to‘qsonga yaqin yetakchi, top-1000 talikdan joy olgan nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan ilmiy hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Ular bizning yaxshi tomonlarimizni o‘rganmoqda va biz ularning ilg‘or tajribalarini amaliyotga joriy etyapmiz. Hamkorlikda bir nechta qo‘shma fakultetlar tashkil etildi.
Institut qoshida akademik litsey, bir nechta texnikum, shuningdek, institutning Nukus va Toshkent filiallari faoliyat ko‘rsatmoqda. Muhimi, mamlakatimiz iqtisodiyoti, veterinariya va chorvachilik sohasi uchun kerakli, raqobatbardosh va zamonaviy bilimlarni egallagan mutaxassislar tayyorlashga intilyapmiz.
Eng ulug‘, eng aziz bayram – Mustaqilligimizning 30 yilligi arafasida menga berilgan “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan chorvador” unvoni, Prezidentimizning e’tibori va e’tirofi zimmamizga katta mas’uliyat yuklaydi. Bu mas’uliyat bizni yanada ulug‘ ishlarga ilhomlantiradi. Ushbu mukofot jamoamizning yutug‘i va mehnatlari samarasidir.
Xudoynazar Yunusov,
SamVMI rektori, biologiya fanlari doktori, professor.
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan chorvador.