SamVMI professor-o‘qituvchilari pastdarg‘omlik o‘qituvchilar uchun mahorat darslari o‘tdi

Umumta’lim maktablarining matematika fan o‘qituvchilari uchun “Matematika darslarida o‘qitishning interfaol usullaridan foydalanish” mavzusida mahorat darslari tashkil etildi. Maktab va oliy ta’lim muassasalarining hamkorligini mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan mazkur darslarda Past Darg‘om tumanidagi 25 ta umumta’lim maktablarining 40 nafar o‘qituvchilari ishtirok etdi.

Mashg‘ulotlar Samarqand veterinariya meditsinasi instituti professor-o‘qituvchilari tomonidan olib borildi.

Tadbir doirasida dastlab Davlat test markazining namunaviy test savollari asosida tuzilgan misol va masalalarni yechishda “Guruhlarda ishlash”, “O‘quvchilarning o‘zaro hamkorligi” usullarida darslarni tashkil etish bo‘yicha tajriba treningi o‘tkazildi. Mashg‘ulotlar davomida  matematika fanini o‘qitishda duch kelinayotgan muammolar yuzasidan o‘zaro fikr-mulohazalar almashindi. Jumladan, maktablar moddiy-texnik bazalarini yaxshilash, tuman fan o‘qituvchilari o‘rtasida tajriba almashish maqsadida ijtimoiy tarmoqlarda guruhlar tashkil etish orqali ta’lim sifatini oshirish, bitiruvchi sinflarni variativ dasturlar asosida o‘qitish, qolaversa, matematika fani to‘garaklarini yangicha usullar asosida tashkil etish bo‘yicha taklif va tavsiyalar bildirildi.

Eslatib o‘tamiz, SamVMI professor-o‘qituvchilari tomonidan mahrat darslari tumandagi umumta’lim maktablarining kimyo, biologiya, informatika va chet tili fan o‘qituvchilari uchun ham tashkil etiladi. Darslar joriy yilning 2021 yilning fevral oyi yakuniga qadar davom etadi.

Gulchehra BERDIYoROVA.