Saratonga davo topishni maqsad qilgan qiz
2023-2024 o‘quv yilida viloyatimizdagi mavjud 1248 ta maktabni 47 ming 728 nafar yigit-qiz tamomladi. Bitiruvchilarning 21 ming 599 nafari talaba bo‘lish baxtiga muyassar bo‘ldi.
11 ming 29 nafari davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirgan. Ularning 2494 nafari grant, 8535 nafari kontrakt asosida ta’lim oladi. 6466 nafar bitiruvchi mamlakatimizdagi nodavlat va xorijiy oliy o‘quv yurtlariga kirgan.
Biz talaba bo‘lgan yoshlardan biri Jonona Raimberdiyeva bilan suhbatlashdik.
U Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 13-umumiy o‘rta ta’lim maktabida tahsil oldi.
Samarqand davlat tibbiyot universitetiga grant asosida o‘qishga qabul qilindim, - deydi Jonona Rayimberdiyeva. – Bu muvaffaqiyatga erishish oson bo‘lmadi. Ota-onamning yaratib bergan imkoniyati, ayniqsa buvimning e’tibori, ustozlarimning bergan ta’limi, tinimsiz harakat, o‘qish, izlanish samarasi bu. Bolaligimdagi orzuim shifokor bo‘lish edi. Qishlog‘imizda bir necha kishi saraton kasalligiga chalinib, go‘daklarini yetim qoldirib, bu dunyoni tark etdi. Ularni ko‘rib ko‘nglim ezilardi. Nahotki, shu kasallikning davosini topish qiyin bo‘lsa, deb o‘ylanib qolardim.
Jonona oddiy oila farzandi. Onasi uy bekasi, otasi oddiy ishchi.
Onasi tarbiya, otasi qo‘shimcha to‘garaklar uchun mablag‘ berdi, - deydi Jononaning buvisi. - Agar shu yil o‘qishga kirolmasa, ota-onasi uni turmushga chiqarishi tayin edi. Men bunga qarshi edim va nevaramning o‘qishga kirishini tilab, duolar qildim. Joyi kelganda, masalan, imtihonga tayyorgarlik jarayonida shunchaki ustozlari sinovidan yaxshi o‘tolmagan paytlarda, ota-onasining jahli chiqib, o‘qitish maqsadidan qaytib, pul bermagan paytlarda o‘zim pensiyamdan berib turdim. Shukurki, bugun hammamizning ishonchimizni oqlab turibdi.
Jonona Rayimberdiyevaning orzulari ulkan. U magistraturani Toshkent tibbiyot akademiyasida o‘qishni rejalashtirgan. Xorijga borib, tajriba orttirish niyati ham yo‘q emas. Xullas, o‘qib-izlanib, davosi topilmayotgan kasalliklarga davo topishni maqsad qilgan.
To‘lqin SIDDIQOV,
Baxtiyor MUSTANOV.